FAO koʻmagida togʻli Gʻelon mahallasidagi oilalarga issiqxona qurib berildi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Shahrisabz tumanining Gʻelon mahallasidagi 5 ta oilaga issiqxona qurib berildi hamda tomorqada ishlatish uchun ularga motokultivatorlar topshirildi.
Taʼkidlash joiz, ushbu loyiha Global ekologik jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilib, FAO tomonidan Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tashabbus hisoblanadi.
— Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad yerdan unumli foydalanishni tashkil qilish orqali oilalarning daromadini oshirishga qaratilgan, — deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi loyiha milliy koordinatori Aziz Nurbekov. — Bu esa kelgusida oilalar farovonligini taʼminlash, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari moʻlligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Mutaxassislarimiz tomonidan issiqxona egalariga sabzavot ekinlarini ekish boʻyicha tavsiyalar ham berildi.
Shuningdek, FAO delegatsiyasi aʼzolari Shahrisabz tuman hokimi Samad Hasanov bilan uchrashib, tumanda bu kabi loyihalarni kengaytirish, aholini ekologiyaga zarar yetkazmagan holda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish madaniyatini yuksaltirish borasida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan oʻzaro fikr almashishdi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring