FAO koʻmagida Buxoroda yangi GIS laboratoriyasi ochildi

16:18 05 Yanvar 2024 Jamiyat
347 0

Foto: “Xalq soʻzi”

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari” milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) koʻmagida tashkil etilgan yangi geografik axborot tizimlari (GIS) laboratoriyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Yangi GIS laboratoriyasi eng zamonaviy kompyuterlar, server, maʼlumotlar markazi bilan jihozlangan.

Ochilish marosimida FAO xodimlari yangi laboratoriyaning maqsad va vazifalari, ahamiyati, shuningdek, uning ishlash tamoyillari boʻyicha taqdimotlar oʻtkazishdi. Institut professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlari eng soʻngi texnologiyalar asosida jihozlangan yangi laboratoriyaning imkoniyatlari bilan tanishtirildi.

— FAO qishloq xoʻjaligi yerlari, oʻrmonlar, suv resurslarini saqlash va ulardan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor berib, agro-oziq-ovqat tizimlari doirasida atrof-muhitni yaxshilash tarafdori, — deydi CACILM-2 loyihasi milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. — Shuning uchun biz ushbu yoʻnalishda kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish uchun ilgʻor texnologiyalarni joriy etishni juda muhim deb biladi.

Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti 2004 yilda tashkil etilgan. Taʼlim muassasasining asosiy maqsadi Oʻzbekistonning tabiiy boyliklarini oʻrganish va ulardan oqilona foydalanish sohasida malakali kadrlar tayyorlashdan iborat. Yangi GIS laboratoriyasi ilmiy, amaliy, oʻquv va tadqiqot maqsadlarida foydalaniladi. Institut vakillari FAOga oʻz faoliyatida katta imkoniyatlar ochayotgan yangi laboratoriya yaratilganligi uchun minnatdorchilik bildirdilar.

Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida yerdan foydalanishni yaxshilash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish boʻyicha amaliyotlar koʻlamini kengaytirish CACILM-2 loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi BMTning qurgʻoqchilik va choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi va BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi asosiy konvensiyasini amalga oshirishga ham salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер