Fanlar akademiyasi 190 gektar yer nima sababdan hokimlikka berilganini izohladi
Avvalroq Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 190 gektar yer maydonini poytaxt hokimligi zaxirasiga begʻaraz oʻtkazib bergani haqida xabar berilgan edi. Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab boʻlgach, Fanlar akademiyasi holat boʻyicha rasmiy munosabat berdi.
Bildirilishicha, ushbu jarayon Prezidentining 2026-yil 25-martdagi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Farmonga asosan, poytaxtimizning ekologik holatini tubdan yaxshilash maqsadida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va unga tutash boʻlgan jami 250 gektar maydonda zamonaviy Dendrologiya bogʻi barpo etiladi.
Hujjat bilan Toshkent shahar hokimligi tomonidan yer uchastkalari belgilangan tartibda zaxiraga qaytarilib, Ekologiya qoʻmitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi. Ekologiya qoʻmitasi hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos daraxt va butalar turlarini tanlab, tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi. Mazkur loyiha asosida hududda keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Taʼkidlanishicha, ushbu yer maydoni qurilish ishlari uchun emas, balki shahar aholisi va kelajak avlod manfaatlariga xizmat qiladigan, atmosfera havosini tozalashga qaratilgan yirik yashil massiv — dendropark tashkil etish maqsadida ajratilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring