Ezgu amallar inson hayotini bezaydi

13:24 29 May 2020 Jamiyat
17368 0

Saxiylik zamirida yaxshilik va ezgulik tushunchalari mujassam. Binobarin, saxiy odam ana shu sifatlari bilan obroʻ-eʼtibor qozonadi, rahmat eshitadi. Ayniqsa, koʻmakka muhtoj kishilarga yordam qoʻlini uzatish inson hayotini bezaydi.

Bugun pandemiya sharoitida shunday saxovatpesha insonlar koʻpligini va ular tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni koʻrib, xalqimizga xos ezgu qadriyatlar bardavom ekanidan dil quvonadi.

Qoʻli ochiq kishilar koʻmagini toʻgʻri yoʻnaltirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasida muhim hamda tezkor tadbirlar amalga oshirilayotganini aytish joiz.

Mana shunday asriy ezgu qadriyatlarga tayangan holda, joriy yilning 20-aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusi ilgari surilgan edi. Ayni chogʻda umumxalq harakatni amalga oshirish uchun Prezidentimiz joriy yilning 22-aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida bandlik masalasiga bagʻishlab oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida aholining koʻmakka muhtoj qatlamini manzilli asosda qoʻllab-quvvatlash yuzasidan vazifalar belgilangandi. Aniqrogʻi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlariga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi faoliyatini muntazam nazorat qilib borish va uni muvofiqlashtirish vazifasi topshirilgandi. Shundan kelib chiqib, Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan kundalik jamoatchilik nazorati oʻrnatildi.

Shu bilan birga, tuman va shaharlarda sektor rahbarlari mahallalar bilan birga har bir oilaning moddiy ahvolini oʻrgangan holda, haftalik yordam koʻrsatiladigan ehtiyojmand oilalar roʻyxatini shakllantirdi. Ularga berilishi kerak boʻladigan mablagʻlar, dori-darmon vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarining hajmi belgilanib, maʼlumotlar mahalliy Kengashlarga kiritildi. Bu boradagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, maʼlumotlar har bir mahalla kesimida shaxsan sektor rahbarining nazorati ostida tuzilgan ishchi guruh tomonidan shaffof holda aniqlandi. Bunda, avvalo, karantin vaqtida ishsiz qolgan, chet eldan qaytgan fuqarolarni oʻrganish va ular bandligini taʼminlash eʼtiborga olinmoqda.

Ehtiyojmand shaxslarga moddiy yordam berish hamda kam taʼminlangan oilalarda buning sababini oʻrganish va uni bartaraf qilish boʻyicha takliflar shakllantirilayotganini ham qayd etish oʻrinlidir.

Oʻtgan davrda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarma fondiga mablagʻ va mahsulot hamda boshqa narsalar hisobiga hissa qoʻshayotgan homiylarning roʻyxati tuzildi. Ushbu jarayonda tadbikorlar manfaatlarini himoyalash maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ish oʻrni bilan taʼminlash va pul mablagʻlari oʻtkazish ularning oʻz xohishi bilan amalga oshirilayotgani hamda hech kim tomonidan majburlov boʻlmaganligiga aniqlik kiritishga ham katta eʼtibor berilayotir.

Shu saʼy-harakatlar natijasida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida Respublika boʻyicha joriy yilning birgina aprel oyida 299 ming 24 nafar ehtiyojmand aholi ish bilan taʼminlandi. Bundan tashqari, 14 ming 568 xonadonga zarur dori-darmon vositalari, 316 ming 683 tasiga esa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Qolaversa, 62 ming 34 ta xonadonga pul koʻrinishida moddiy koʻmak koʻrsatildi.

Pandemiya davrida jamgʻarmaga oʻzlarining hissasini qoʻshgan tadbirkor va homiylarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Xususan, ular bilan suhbatlar oʻtkazilmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, birinchi navbatda, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda tadbirkor va homiylarni qoʻllab-quvvatlash orqali barchani ana shu kabi ezgu ishlarga yana-da ragʻbatlantirishdan iborat.

Maʼlumki, ajdodlarimiz xayru saxovat koʻrsatishni oʻzlarining qalb amriga koʻra bajargan. Eng qiyin vaziyatlarda vatandoshlarini ham maʼnaviy, ham moddiy qoʻllab-quvvatlagan. Bugun ham ana shunday ezguliklar keng quloch yozmoqda. Saxovatli xalqimiz bor ekan, bugungi sinovli kunlardan ham, albatta, yorugʻ yuz bilan oʻtib olamiz.

Tolibjon MADUMAROV,
Oliy Majlis Senatining
Mahalliy hokimiyat
vakillik organlari faoliyatini
kuchaytirishga koʻmaklashuvchi
komissiyasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер