Yevropani yayov kezgan oʻzbekistonlik bahodir

19:59 14 Aprel 2020 Jamiyat
2635 0

Oʻzbek xalqi ikkinchi jahon urushi yillarida vatanparvarligi, bagʻrikengligi, mehr-muruvvati, mehnatsevarligi bilan mislsiz jasorat koʻrsatdi. Nafaqat farzandlarini oq fotiha bilan: “Oy borib, omon qayt”-deya, bagʻridan yulib, urush oʻchogʻiga tashladi, balki, uyidagi soʻnggi siqim donini, bolalari ogʻzini oqlab turgan sogʻin sigiru qoʻy echkisini, qoziqqa bogʻlangan ulov otini front uchun qoʻshqoʻllab uzatdi. 1941-1945-yillarda Toshkent viloyatidan jami 121.969 nafar kishi frontga ketdi. Ularning 22.617 nafari janglarda halok boʻldi. 19.367 nafari esa bedarak yoʻqoldi. 
Bizdagi mavjud maʼlumotlarga koʻra, urushning ayovsiz qiyinchiliklariga qaramasdan, front ortida bir tanu bir jon boʻlib mehnat qilgan viloyat dehqonlari, bogʻbonu, choʻponlari yetishtirgan million-million tonnalab goʻsht, gʻalla, paxta, quritilgan mevalar, sabzavot va poliz mahsulotlari, issiq kiyim-kechaklar, qoʻnjli etiklar peshma-pesh frontga jщnatildi. Bu borada Bekobod, Oqqoʻrgʻon Piskent, Yuqori Chirchiq, Yangiyoʻl tumanlari aholisi alohida oʻrnak boʻlishdi. Birgina Oqqoʻrgʻon va Yangiyoʻl tumanidan aholining oʻz shaxsiy jamgʻarmalari hisobidan 220 milllion soʻmdan oshiq pul mablagʻi frontdagi gʻalabani taʼminlash uchun tashkil etilgan maxsus jamgʻarma hisobiga oʻtkazib berildi.

Xonadonlari erkaksiz huvullab qolgan qishloqlardagi paxta va gʻalla maydonlarida oʻzbek ayollari Vatanga sadoqat va muhabbat bilan mehnat qildilar. Tunlari bugʻdoy oʻrib, kunduzi paxta dalalarida ketmon chopishdi. Urush oʻchogʻidan Toshkent viloyatiga yuborilgan 3500 nafar boshpanasiz kishi va 1700 nafar yosh goʻdak tumanlardagi bagʻrikeng oʻzbek xonadonlarida qoʻnim topdi.

Toshkentdan minglab chaqirim uzoqlikdagi frontlarda esa, muqaddas Vatani, ota-onasi, sadoqatli yorini, jondan aziz norasidalarini ortida qoldirib kelgan minglab oʻzbek yigitlari Ukraina, Belorussiya, Moskva, Stalingrad, Kavkaz, Qrim, Kursk, Dnepr, Markaziy va Janubi-sharqiy Yevropa mamlakatlarini nemis-fashist bosqinchilaridan ozod qilib, Berlinga kirib borishdi. Oʻzbek bahodirlarining koʻpchiligi fashistlar Germaniyasi tor-mor etilgach, 1945-yil, 8-avgustda boshlangan Yaponiya urushiga ham jalb etildi. Ularning Janubiy Saxalin va Kuril orollarini Kvantun armiyasi jangarilaridan tozalashda koʻrsatgan qahramonliklari tarix sahifalariga bitildi.

Bugungi kunda Piskent tumanidagi Chimqoʻrgʻon mahallasida istiqomat qilayotgan Anorqul Xotamov ikkinchi jahon urushida Voroshilovgraddan Berlingacha jang qilib, sogʻ-omon qaytgan oʻzbeklardan biri.

— Frontga joʻnatishganida endi 20 yoshga qadam quygandim. Men bilan bir safda katta yoshlilar, hali 18ga toʻlmagan oʻsmirlar ham bor edi,-deya soʻz boshlaydi Anorqul ota. — Toʻytepaning yuqori qismida “Yangi turmush” nomli xoʻjalik boʻlardi. Ulovda yura oladigan chavandoz yigitlardan 200 nafarini tanlab, oʻsha yerga olib borishdi. Har birimizga bittadan ulov berishdi. Tez orada otliq askarlar diviziyasi shakllandi. 1941-yil dekabr oyi oxirida Chimkentga bordik. Oradan hafta oʻn kun oʻtib, 1942-yil kirib keldi. Yangi yilning dastlabki kunlaridan birida poyezdga chiqishimizga buyruq berildi. Roppa-rosa 23 sutka yoʻl yurib, Voroshilovgrad shahriga yetib bordik. Keyin Ukrainaning Donesk shahriga, undan Belorussiyaga oʻtkazishdi. Besh oy qayta harbiy tayyorgarlikdan soʻng, 2-Belorussiya frontining 33-tank brigadasi shakllantirilib, shu tuzilma tarkibida jangga kirdik...

Anorqul Xotamov hikoya qilayotgan, marshal K.K.Rokossovskiy qoʻmondonligidagi 2-Belorussiya fronti ikkinchi jahon urushi yillarida tub burilishlar davrini boshlab bergan nufuzli qoʻshin hisoblanardi. Uning tarkibiga 5 ta armiya va 3 ta tank korpusi, 1 ta mexanizatsiyalashgan korpus, 1 ta kavaleriya korpusi, Dnepr harbiy flotiliyasi va Boltiq floti biriktirilgandi. Oddiy askar A.Xotamov va u bilan safdosh boʻlgan yuzlab oʻzbek yigitlari bu nufuzli harbiy qismda urushning soʻnggi kunlarigacha jasorat koʻrsatishdi.

—1942-yilning iyun oylari edi, — deya xotirlaydi A.Xotamov. — Shtabimiz Belorussiya oʻrmonlaridan birida joylashgandi. Kutilmaganda dushmanning havo hujumiga uchradik. Juda koʻpchilik halok boʻldi. Keyin u yerdan 13 kecha-kunduz ortga chekinib, Bug daryosi sohiliga chiqdik. Dushman bilan qaqshatqich janglar boshlandi. Har kuni yuzlab kishilar halok boʻlardi. Qoʻshinlarimiz katta talafotlar berib, mamlakat ichkarisiga chekinardi. Qahraton qish kirib keldi. Butun front boʻylab mashaqqatli kunlar boshlandi. Dushmanning makr-hiylasi, kuch qudratining ustunligi sezilsa-da, askarlarimiz ortida muqaddas Vatani, farzandlari, ota-onasi, qadrdonlari borligini his etib, mardonavor jang qilishardi. Okoplarda ustimizdan oʻqlar shamoldek vizillab uchardi. Koʻzing uyquga ketdimi, tamomsan! Shuning uchun kechayu kunduz mijja qoqmasdik. Ikki oʻrtada jang boshlangan paytlari hammayoq bir pastda ostin-ustun boʻlib ketardi. Kechasi yoningda boʻlgan safdoshingni ertalab tirik koʻrmasding. Shunday kezlarda qornimiz toʻyib non yeyishni, kechasi osuda uyquga yotib, ertalab xush kayfiyat bilan uygʻonishni orzu qilardik. Bugungi tinch-osuda hayotimiz oʻsha paytlarda shirin tush edi bolam. Kun kelib, butun front boʻylab qarshi hujumga oʻtishga buyruq berildi. Shu kundan eʼtiboran olgʻa siljiy boshladik. Belorussiya va Ukraina yerlarini, Boltiq boʻyi respublikalarini nemis-fashist bosqinchilaridan ozod qildik. Polsha va Chexoslovakiyadagi (hozirgi Chexiya va Slovakiya davlatlari) janglarda qatnashdik. Nemis armiyasi butun front boʻylab ortga chekina boshladi. Urush harakatlari Germaniya hududiga oʻtdi. Endi dushmanni tamoman tor-mor qilish haqida buyruq oldik.

1945-yil... Qoʻshinlarimiz katta gʻalabalarni qoʻlga kiritib, olgʻa siljishardi. Minglab oʻzbek oʻgʻlonlari mardonavor jang qilib Leypsig, Potsdam, Nyurenberg, Magdeburg, Volfsburg, Mangeym, Shtutgart, Myunxen kabi shaharlarni fashistlradan tozaladi.

Ayniqsa, Drezden daryosi qirgʻoqlaridagi beomon janglar sira yodimdan chiqmaydi. Kechuvdagi jangovar harakatlarda qanchadan-qancha oʻzbek oʻgʻlonlari qahramonona halok boʻlishdi.

Reyn daryosining quyi oqimidagi Kyoln shahrida dushman tish tirnogʻi bilan qurollanib qarshilik koʻrsatdi. Harbiy aviatsiyamiz bu shaharni 262 marotaba havodan bombardimon qilganligi kechagidek yodimda. Zambaraklar orqali eng uzoq otishma shu yerda boʻlgandi. Tasavvur qiling-a, artilleriyamiz toʻplardan 75 daqiqa toʻxtovsiz hujum uyushtirdi. Hammayoq ostin ustun boʻlib ketdi. Zambarak oʻqlari yomgʻiridan tirik jonning omon qolishining oʻzi mushkul edi.

1945-yil 16-aprelda Berlinni egallash uchun hujum boshladik. Jangovar harakatlar 23 kun davom etdi. 2-may kuni yarim tunda Berlin gornizoni askarlari qarshilik koʻrsatishni toʻxtatishdi. Ular ovoz kuchaytirgich orqali: “Oʻt ochishni toʻxtating! Potsdam koʻprigiga vakillarimizni yuboramiz”,-deya, oq bayroq koʻtarishdi. Shu tariqa shaharni egalladik.

Ana shunday qaqshatqich hujumlar bilan Elba daryosini qoʻlga kiritdik. Qoʻshinlarimizning bu yerdagi gʻalabasi suv bilan havodek zarur edi. Chunki Elbani egallashimiz askarlarimizni Shimoliy dengizga olib chiqardi. Shunday ham boʻldi. Biz Elbani qoʻlga kiritdik. Qirgʻoqning narigi tarafini esa ittifoqchilar qoʻshini egalladi. Ular daryoning u yogʻida turishib, urush tugaganligi haqida ingliz tilida qichqirishardi. Bular Amerika armiyasi jangchilari edi.

Biz eshitayotgan soʻzlarimizga ishonmasak-da, buyuk gʻalaba qoʻlga kiritilganligi, urush tamoman tugagani haqiqat edi. Hammayoq shodlikka toʻldi. Askarlar bir-birini takror-takror quchishib, tabriklashar, yuz koʻzlaridan oʻpishar, qoʻlidagi qurolidan osmonga oʻq uzishardi. Gʻalabadan keyin ham besh oydan koʻproq Berlinda qolib, tiklanish ishlarida qatnashdim. Keyin Vatanga qaytdik.

Anorqul Xotamov ikkinchi jahon urushidagi jasorati tufayli, 2-darajali “Ulugʻ Vatan urushi” ordeni va “Berlinni zabt etganligi uchun”, “Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun”, “Jasorati uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun” kabi oʻnlab medallar bilan taqdirlandi.

Qadrdon qishlogʻi, oʻz yaqinlari bagʻriga qaytgan Anorqul Xotamov haydovchilik kasbini egallagach, shu sohada 40 yil halol mehnat qildi. Hozir u kishi 99 bahorni qarshiladi. Yetti nafar oʻgʻil va ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. 33 nafar nabira va 53 nafar chevaralar ardogʻida baxtli hayot kechirmoqda. Har ikki soʻzining birida: “Qodir Allohning koʻrsatganiga shukr!”, — deydi.

— Robbim Prezidentimizni oʻz panohida asrasin! Mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarning tinch va osuda hayoti yoʻlida xayolimizga kelmagan ishlarni qilyapti. Ayniqsa, biz keksa jangchilarga koʻrsatayotgan cheksiz muruvvatlari beqiyos boʻlmoqda. 2017-yili u kishining rahnamoligida muqaddas Haj ibodatini ado etdik. U kishining koʻrsatmalari tufayli salomatligimizni bir nafar tibbiyot hamshirasi doimiy nazorat qilib turibdi. Har oyda zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashmoqda. Gʻalabaning 75 yilligi bayrami munosabati bilan Prezidentimizning Farmoniga binoan 10 million soʻmdan moddiy yordam koʻrsatilishi haqidagi xushxabar koʻnglimizni togʻdek koʻtaradi. Koʻzimizga nur, belimizga quvvat boʻldi! Prezidentimiz va mamlakatimiz haqqiga ertayu kech duodamiz.

Koronavirus kasalligi tufayli boshimizga tushgan bugungi sinovlar Allohning rahmati bilan hademay oʻtib ketadi. Oʻzaro hamjihatligimiz va mehr-oqibatimiz bilan bu qiyinchiliklarni ham yengib oʻtamiz!

Shodiyorxon Mutaxarov,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер