Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yana harbiy yordam ajratishi haqida maʼlum qildi
Foto: AP
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 500 million yevrolik yangi harbiy yordam paketini taqdim etadi.
Yevropa Ittifoqi (YEI) Ukrainaga yana 500 million yevro miqdoridagi harbiy yordam beradi, shuningdek, tashkilotga aʼzo davlatlar yaqin kunlarda Rossiya neftiga embargo eʼlon qilish boʻyicha kelishuvga erishadi. Bu haqda YEIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Xosep Borrel aytib oʻtdi.
«Men Yevropa Ittifoqi vakili sifatida Ukrainaga harbiy yordam koʻrsatish uchun 500 million yevro miqdoridagi yangi transh ajratilishini eʼlon qilmoqchiman. Shunday qilib, umumiy summa ikki milliard yevroni tashkil etadi», — degan Xosep Borrel.
Borrell 12-may kuni birinchi marta Ukrainaga harbiy yordam ajratish rejasini eʼlon qildi. Taxminlarga koʻra, yangi yirik paket uchun mablagʻ Yevropa Tinchlik Jamgʻarmasidan ajratiladi. Ammo bu reja hali kelishilmagan. Mablagʻ ajratish boʻyicha taklif Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishi kun tartibiga kiritilishi kutilmoqda.
Mart oyi boshidan beri Yevropa Ittifoqi Jamgʻarmadan Ukrainaga qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar xaridi uchun 1,5 milliard yevro ajratdi. Bundan tashqari, tashkilotdagi koʻplab davlatlar ham ushbu mamlakatga qurol-yarogʻ yetkazib bergan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring