Eski kon yana daromad manbaiga aylandi

19:01 18 Yanvar 2024 Jamiyat
623 0

“Alpha Mining Group-Asia” masʼuliyati cheklangan jamiyati mamlakatimizdagi yirik togʻ-kon sanoati korxonalaridan biri hisoblanadi. Joriy yilda ushbu subyekt Chiroqchi tumanida ham yana bir yirik loyihani amalga oshirmoqda.

Umumiy qiymati 20 million dollarni tashkil etadigan ushbu loyihaning ishga tushirilishi natijasida tumanning Beshbuloq mahallasi hududidagi marganes konidan qimmatbaho ruda qizib olinib, shu yerning oʻzida qayta ishlanadi.

— Marganes metallurgiya sanoati uchun muhim xomashyo hisoblanib, u rangli metallurgiya sanoatida, korroziyaga qarshi ishlatiladigan qoplamalar tayyorlashda keng qoʻllaniladi, — deydi “Alpha mining group-asia“ MCHJning kon boshligʻi Ikrom Muxtorov. — Kerakli miqdorda marganes aralashmasi qoʻshilgan poʻlat qotishmalar oʻzining mustahkamligi bilan ajralib turadi. Demakki, bu mahsulotga ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham talab yuqori. Bu loyiha ana shunisi bilan muhim va istiqbolli hisoblanadi.

Korxona kondan marganes qazib olib, uni shartnoma asosida metallurgiya korxonalariga yetkazib berishni allaqachon boshlagan. Ayni vaqtda esa qazib olingan rudani shu yerning oʻzida qayta ishlab, tayyor xomashyo tarziga keltiradigan korxonani qurish jarayonlari ketmoqda. U joriy yilda ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.

Taʼkidlash joizki, Chiroqchi tumanining Beshbuloq mahallasidagi marganes konidan 40-50-yil avval ham ruda qazib olingan. Biroq keyinchalik bu jarayon toʻxtab qolgan edi. Konning yana qayta ishga tushirilishi esa hudud aholisining quvonchiga sabab boʻldi. Chunki kondan ruda qazib olish ishlarining boshlanishi bilan hududdagi 100 nafar kishi doimiy ish joyiga ega boʻlgan boʻlsa, qayta ishlash korxonasi ishga tushirilgach, yana 120 ta ishchi kuchiga ehtiyoj paydo boʻladi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер