Yerteshar odam
Koʻp kuzatamiz. Milliardlab mablagʻ hisobiga yotqizilgan asfaltga koʻp oʻtmay shikast yetadi. Negaki, har doim ham yoʻl qurilishini loyihalash uzoqni oʻylab qilinmaydi, uning ostidan oʻtadigan va kelajakda oʻtishi mumkin boʻlgan turli kommunikatsiya va gaz-suv tarmoqlari hisobga olinmaydi yoki shunchaki,“esdan chiqib qoladi”. Natijada kiroyi yoʻl kesilib, quvur uchun yoʻlaklar kovlanadi.Bir qancha vaqt davom etadigan bu ishning harakat xavfsizligi va ravonligiga xalaqit berishi oʻz yoʻliga, ammo eng zararlisi, kesilgan yoʻl avvalgi holatidek boʻlmaydi. Chunki, yoʻlsozlarning tushuntirishicha, asfalt ham toʻqilgan matodek, kerak boʻlsa undanda murakkab toʻqimalardan iborat boʻladi. Shu bois quvur oʻtkazib boʻlingach, yoʻlga solingan yamoq uzoq vaqtga bardosh bermaydi, yaxlit asfalt toʻqimasiga birlashib ketmaydi, oqibatda ayni joylarda chidamlilik va yaroqlilik yoʻqoladi, doimiy taʼmirtalab boʻlib, bu “yara” kun va oy sayin kengayib boradi, ayniqsa, yogʻin-sochindan soʻng. Boisi, kesilib, darz yegan qism nam oʻtkazadi, pirovardida “yama”lar paydo boʻladi.Keyin esa, yana qachondir, qayta yoppasiga asfalt yotqizilishigacha, yoʻlsozlar yamoqchilik qilish bilan ovora boʻladi. Ortiqcha mehnat va xarajat yuzaga keladi.
Qiziq, mamlakat miqyosda olganda, bunday qayta qurishga qancha mablagʻ ketar ekan? Bizningcha, milliardlab. Buni oʻzi oddiy ishchi boʻlsada,xovoslik Rayimjon Rasulberdiyev ham yaxshi biladi.
Rayimjon uzoq yillar suv taʼminoti tashkilotilarida ishlagan. Oʻsha kezlarda, Yangiyerdagi faoliyatida boshligʻidan murakkab topshiriq oladi. Shahar koʻchalaridan biridan suv tarmogʻi uchun quvur oʻtkazish kerak, lekin shart shuki, qanday boʻlmasin, yoʻlni aslo buzmasdan. Rayimjonning ayni hozirgi oʻzi bilmagan holda milliardlarni tejab qolish imkoniyatini yuz foiz darajada kafolatlaydigan va taʼminlaydigan yer ostidan quvur oʻtkazish texnologiyasi oʻsha topshiriq ijrosi asnosida yaratilgan. Gap shundaki, u na yoqilgʻi, na elektr toki talab qiladigan, qoʻl mehnati bilan ishlatiladigan hamda gorizontal yoʻnalishdagi burgʻulash uskunasini yasaydi. Va ushbu asbobi birinchi urinishidayoq kutilganidan ziyoda natija beradi. Yangiyerdagi ravon, tekis koʻchaga hech bir ozor yetkazilmay, ostidan quvur oʻtkaziladi. Ish ham juda tez, ikki kunda bajariladi. Rayimjon shundan beri yertesharlik bilan shugʻullanadi. Doʻstlari ham uni hazillashib, “Yerteshar odam” deb maqtaydi.
Rayimjonni «Toshkent — Termiz» avtoyoʻlining Oqoltin tumani hududidan oʻtuvchi yoʻl chetida qurilayotgan - masjid va turistik bekat roʻparasida, ish ustida uchratdik. Bu yerdagi vazifasi masjid majmuasiga yoʻlning bu tomonidagi zovurdan suv olish uchun avtomagistral ostidan oʻttiz metrdan ortiq uzunlikdagi kichik diametrli quvur oʻtkazib berish ekan. Ish bitibdi, sinov tariqasida suv ham tortib koʻrilibdi. “Suv keldi!” shukronasiga allaqachon, u qazigan xandagʻi atrofiga bir necha tup archa ham oʻtqazibdi. Handaq tepasidagi oʻta saranjomlik bilan uyulgan, nari borsa bir mashinaga yuk boʻladigan tuproqni aytmasa, bu yerda odatda shunday ish bajarilganda koʻzga tashlanadigan tartibsiz manzaradan asar ham yoʻq. Quvur mutaxassislar tavsiyasi hamda ruxsati bilan belgilangan chuqurlik va oʻlchamdagi lahmdan oʻtkazilgan. Yoʻlga umuman zarar yetmagan.
Rayimjon Rasulberdiyevning yertesharlik usuli oddiy ham murakkab: oddiyligining mohiyati ham oddiy, yaʼni u ortiqcha xarajat talab qilmaydi. Murakkabligi esa, bu ishni muvaffaqiyatli bajarish uchun zahmatli mehnat zarur, yer tilini bilish lozim. Rayimjonda ana shunday mahorat shakllangan. Oʻnlab ishchi va bir necha texnika vositalari bajaradigan ishni bir oʻzi, qisqa muddatda qoyilmaqom qilib bajarayotganining siri ham shunda: oʻz hunarining ustasi darajasiga yetgan. Aytishicha, u hozirgacha mahallasi, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlarining hojatini chiqarish barobarida, respublikamizning koʻplab hududlarida ham yoʻl va boshqa joylardan yerosti tarmoqlarini oʻtkazib bergan.
Endi ikki ogʻiz Rayimjonning lahm qazish usuli haqida. Avvalo ish boshlaydigan asosiy tomondan oʻzi bemalol sigʻadigan handaq-ayvon kovlab oladi va undan tortib ketiladigan quvur izini ham.Soʻngra belgilangan chuqurlikdan enlama (gorizontal) yoʻnalishda teshishni boshlaydi. Burgʻulash asbobi yuqorida aytganimizdek qoʻl kuchi bilan ishlatiladi. Dastlab eng kichik diametrdagi tishlar, keyingisida kattarogʻi bilan lahm hosil qilinadi. Agar biron joyda burgʻular tosh yoki teshib boʻlmas boshqa biror qattiq jismga toʻgʻri kelib qolsa, ish qayta boshlanadi. Quvur yoʻlining belgilangan joyga yetib borganini aniqlash - ham gʻaroyib, ham ajoyib. Teshish jarayoni shu nuqtaga yetgach, Rayimjon yordamchi chaqiradi. Yordamchi handaqdan turib, bolgʻa bilan burgʻulash asbobini urib taqillatadi, Rayimjon esa yoʻlning qarama- qarshi tomoniga oʻtib, lahm yetib kelgan joyni taxminan belgilaydi va yerga qoʻloq tutadi. Va tez orada izlangan joy aniq topiladi va u ochiladi. Bu yogʻiga esa hosil boʻlgan teshikni yana bir bor ravonlashtirish va quvurlarni joylashtirish qoladi, xolos.
Xullas, Rayimjon Rasulberdiyevning yerosti oʻtkazmalari boʻyicha tajribasi oʻrgansa, ommalashtirsa arziydigan jaydari, ammo juda samarali qurilish-muhandislik texnologiyasi desak hech ham mubolagʻa boʻlmaydi.Toʻgʻri, internetga qarasangiz, uning yertesharlik usuli allaqachon mavjudligini va bu borada turli zamonaviy asbob-uskunalar ham yaratilganini bilasiz.Lekin,nima boʻlganida ham, Rayimjon Rasulberdiyev ixtiro qilgan burgʻulash apparati oʻziga xos: xarajatsiz- yoqilgʻi yoki elektr tokisiz ishlaydi va bu ushbu quvvatlar yoʻq boʻlgan hududlarda juda asqatadi, bemalol, hech qanday muammosiz foydalansa boʻlaveradi. Koʻp ishchi kuchi va xarajat talab qilmaydi.
Negadir Rayimjonning ishini jarrohning faoliyatiga mengzadim. Jarroh boʻlganida ham hozirgi tigʻ urmay, lazer yordamida amaliyot oʻtkazadigan shifokorlarga.
Aslida ham shundayda! Uning mehnati bilan oʻtkazilayotgan yerosti tarmoqlaridan soʻng yoʻllar va boshqa obod maydon, xiyobonlarga hech bir shikast yetkazilmasa, ish harakatga ham, boshqa jarayonlarga ham xalaqit berilmagan holda, saranjom-sarishtalik, oʻta aniq tartib bilan bajarilsa!
Yana millionlab, milliardlab soʻm mablagʻni tejab qolish imkoniyati boʻlsa, eng muhimi, ravon asfalt bagʻriga yamoq solishga hojat qolmasa!
Oʻylaymizki, bu jihatlarning bari, loyihachilar,yoʻlsozlar, quruvchilar, ayniqsa, “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, “Obod markaz” dasturlari bajarilayotgan hududlardagi masʼullarni, qolaversa shaxsiy uy egalarini qiziqtiradi va albatta, oddiy bir inson, yoshi oltmishda boʻlsada, Farhodnikidek kuch-quvvati, oʻtkir zehni va mohir qoʻllari bilan katta bir muammoni yolgʻiz oʻzi hal qilayotgan Rayimjonning ish uslubini amalda keng qoʻllash haqida oʻylab koʻradilar.
Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring