Ertachi tarvuz yetishtirish boshqa hududlarda ham ommalashmoqda
Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumani dehqonlari ertapishar tarvuz yetishtirishdagi tajribalari va erishayotgan natijalari bilan mashhur.
Eʼtiborli tomoni, endilikda bu tajriba Chiroqchi, Qamashi hamda Koson tumanlarining turli hududlarida ham keng ommalashmoqda. Masalan, joriy yilda Koson tumanining Alatoʻn qishlogʻidagi xonadonlarning 80 foizdan oshigʻi 40-50 sotixdan boshlab, 2-3 gektargacha boʻlgan maydonlarda ertachi tarvuz yetishtiryapti.
— Hududimizning asosiy qismi lalmikor yerlar hisoblanadi, — deydi shu qishloqlik Maʼruf Jumayev. — Nasos yordamida yer ostidan suv chiqarib, dehqonchilik qilamiz. Asosan ertachi tarvuz yetishtiramiz. Oʻz tomorqasida tarvuz yetishtirayotganlar ham, tuman zaxirasidagi lalmikor yerlarni ijaraga olib dehqonchilik qilayotganlar ham koʻp.
Dehqonning aytishicha, avvallari ertachi tarvuz yetishtirishda ish fevral oyining oxirlariga kelib boshlangan. Natijada mayning oxiri, iyunning boshlariga borib ilk hosil pishib yetilgan. Hozir esa yanvardanoq mavsumga harakat boshlanadi. Pirovardida esa hosil ham qariyb bir oy ertachi tayyorlanmoqda.
Taʼkidlash joiz, oʻtgan yilgi mavsumda qashqadaryolik mirishkorlar 10 million AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi tarvuz eksportini amalga oshirishgan boʻlsa, joriy yilda bu raqam yanada ortishi kutilmoqda.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring