«Yerfurush»larga hukm oʻqildi
Keyingi paytlarda mansabdor shaxslarning oʻz vakolatini suiisteʼmol qilgan holda yer sotish holatlariga koʻp guvoh boʻlmoqdamiz. Garchi, qonun amallariga birinchilardan boʻlib rioya etishlari kerak boʻlsada, aslida vijdoni qolib jigʻildonini oʻylaydigan mansab egalari qonun qonunbuzarlikni kechirmasligini ham yaxshi bilishadi. Koʻza esa kunda emas, kunida sinadi. Andijon viloyatida 100 gektar yer maydoni uchun 128 ming dollar pora olgan toʻrt nafar mansab egalari ham qilmishiga yarasha jazo oldilar.
Andijon viloyat sudidan maʼlum qilishlaricha, viloyat hokimligi huzuridagi «Kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi» bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan A. O., “Universal vodiy gips” MCHJ rahbari lavozimida ishlagan U.A., fuqaro U. A. lar oldindan til biriktirib, jabrlanuvchi D.I.dan Xoʻjaobod tumani hokimligida ishlaydigan tanishlari orqali tuman hududidan chorvachilik fermer xoʻjaligi tashkil etish uchun unga jami 100 gektar yer maydoni ajratib, hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga, firibgarlik yoʻli bilan jami 135 ming AQSH dollari talab qilishgan. Sudlanuvchilar jabrlanuvchi I.D. dan 29-mart kuni 128 ming AQSH dollarini Andijon shahar, Boʻston dahasida joylashgan “UzDongYang-Ko” qoʻshma korxonasi oldida olayotganlarida DXX hamda IJQK departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbir davomida ushlangan.
Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxslar oʻzlarining bu yordamlari uchun muqaddam avans sifatida 7 ming AQSH dollari olganliklari aniqlangan.
Shuningdek, shu kuni O.A.ning ixtiyoriy roziligiga koʻra davom ettirilgan tezkor tadbirda viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish Bosh boshqarmasi xoʻjalik mudiri-gʻaznachisi lavozimida ishlagan S. U. talab qilingan pullardan oʻziga tegishli qismi, yaʼni 70 ming AQSH dollarini O.A. dan respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining avtoturargohida olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyat sudida ushbu holat atroflicha oʻrganib chiqildi va qonunbuzarlarga nisbatan 10 yil 2 oydan 10 yil 6 oʻygacha boʻlgan muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi qoʻllanildi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring