Yer uchastkalarini olib qoʻyish va mulk huquqidan mahrum qilish boʻyicha yangi tartib joriy etilmoqda — deputat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqilmoqda.
Qonun loyihasiga koʻra:
yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qoʻyilishiga taqiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish boʻyicha vakolatlarini cheklash;
yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish vakolatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish;
korxonalarni (tashkilotlarni) davlat tasarrufidan chiqarish hamda mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta koʻrib chiqilishi va bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaslikni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Bu orqali “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari va Yer kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.
Agar yer egasi, yerdan foydalanuvchi va ijarachi yer uchastkasini olib qoʻyish haqidagi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qaroriga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda, bu qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Yuqoridagi masalalar afsuski bugungi kundagi manfaatlar toʻqnashuvi bor, eng koʻp korrupsiya holatlarni keltirib chiqaruvchi illatlar jam boʻlgan jarayonlardan biri.
Ayrimlarning oʻtkinchi, kimnidir buyurmasi, shaxsiy manfaati yoki rahbariyatga “yaxshi koʻrinish” ilinjida xususiy mulklarni buzishi yoki “reyderlik uslubida” olib qoʻyishi jamiyatimizda soʻnggi vaqtlardagi eng xavotirli muammolardan biriga aylandi.
Umid qilamizki, qonunchilikda boʻlayotgan oʻzgarishlar bu kabi adolatsizliklarni tiyib turish, baʼzilarning “koʻzini ochishi” uchun xizmat qiladi. U yogʻi endi mahalliy kengashlardagi deputatlar va sudlarning bundan foydalana olishiga bogʻliq: iltimos, fuqaro manfaati uchun vakolatdan foydalanishda jurʼatingizni yigʻing endi!
Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring