Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirildi

17:45 10 Yanvar 2024 Jamiyat
321 0

Иллюстратив фото

Qonuniylikni taʼminlash hozirgi taraqqiyot davrida katta ahamiyatga ega. Yaʼni davr oʻzgargan sari ijtimoiy hayot ham tubdan rivojlanib bormoqda. Jumladan, yer bilan bogʻliq ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish kiritish ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan.

Huquqiy demokratik davlat hamda komil shaxslardan iborat fuqarolik jamiyatini tuzish davlatimizning eng asosiy tamoyil va maqsadlaridan biri hisoblanadi. Ammo ushbu maqsad yoʻlida mamlakatimizda, avvalo, xalqaro eʼtirof etilgan normalar tatbiq etilishi lozim.

Bundan tashqari, xalqning milliy anʼanalari hamda turmush sharoitiga mos boʻlgan, fuqarolarning Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan huquq hamda erkinliklarining kafolatlangan holda tatbiq etilishi ham oliy masala, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Biroq, davlat va jamiyat manfaatlarini taʼminlash doimo mukammal hamda hech qanday boʻshliqlarsiz, izchillik bilan hal etilishi kerak. Va bu borada koʻplab oʻzgarishlar boʻlayotgani ham sir emas. Jumladan, bu yer munosabatlarida ham tatbiq qilinayotir.

Milliy huquq tizimi negizida Konstitutsiya va qonunlar mujassam, yaʼni qonunchilikni, asosan, ular tashkil qiladi. Ammo shaxsning huquqlarini roʻyobga chiqarish nihoyatda muhim va dolzarb vazifadir. Chunki bu uchun davlat oʻz oldiga juda katta masʼuliyatni oladi, u orqali davlatning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy holati qaror topadi. Shuning uchun ham shaxs, jamiyat va davlat bir-biriga bevosita bogʻliq boʻlib, ularning birgalikda zamon talablari yordamida ishlashi har birimiz uchun ulkan yutuq boʻlishi tabiiy.

Qonun hujjatlariga bir qancha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hayotimizning iqtisodiy yengillashishiga, ayniqsa, bizni qiynab kelayotgan baʼzi muammolarga osonlik bilan javob topishimizga xizmat qilishi mumkin. Aholiga yaratilayotgan imkoniyatlar toifasiga yer bilan aloqador qonunchilik tizimida oʻtkazilayotgan islohotlar yaqqol misoldir.

Chunki aynan “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun negizida bir paytning oʻzida ham Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, ham Yer kodeksiga servitut toʻgʻrisidagi shartnoma tarkibidagi uning ishtirokchilari huquq va erkinliklari, uni oʻzgartirish hamda bekor qilish, unga haq toʻlash va ommaviy servitutni belgilash qoidalariga bir qator qoʻshimchalar kiritildi. Bu orqali esa aynan servitut masalalari boʻyicha yuzaga keladigan muammolar hal qilinishi koʻzda tutilgan.

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 19-noyabrda qabul qilingan “Ijara toʻgʻrisida”gi qonunining 8-moddasiga qoʻshimcha sifatida 81-modda kiritildi. Yaʼni ijara munosabatlari, asosan, ijaraga beruvchi hamda ijaraga oluvchi irodasini aks ettiradi. Unda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari ijaraga oluvchilari huquq va majburiyatlarni uchunchi shaxsga ham bera olishi, koʻchmas mulkka nisbatan huquq va majburiyatlar oʻzgarish holatlari ham alohida keltirilgan.

Ikkinchidan, 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 17-moddasining 5-qismi quyidagicha bayon qilinishi kerakligi belgilab qoʻyilgan: “Yuridik va jismoniy shaxslar oʻziga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoki meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xususiylashtirishga haqli”.

Izohlaydigan boʻlsak, endilikda umrbod egalik huquqiga ega shaxslarda oʻziga tegishli yerni xususiylashtirish imkoniyati mavjud.

Demak, yuqoridagi normalardagi oʻzgartirish va qoʻshimchalardan ham koʻrinib turibdiki, barcha islohotlar inson va jamiyat foydasi hamda ularning turmush darajasini oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, xususiylashtirish orqali bozor munosabatlarini yanada qaror topshirish uchun amalga oshirilmoqda.

Uchinchidan, 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 23-modda ikkinchi qismi 1-bandidagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini” degan soʻzlar “Tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilik bilan taʼqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini” degan soʻzlar bilan almashtirildi.

Yaʼni Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish), mulk qilib berish (realizatsiya qilish) — qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq, shu jumladan, yakka tartibda uy-joy qurish hamda uy-joyni obodonlashtirish, tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksion vositasida tartibda amalga oshirilishga oid norma yuzaga keldi.

Bu holatda ham yerni xususiylashtirishda aholiga yaratilayotgan yengilliklar yaqqol koʻzga tashlanadi. Yaʼni endilikda qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanilmaydigan yerlarni qonun bilan taqiqlanmagan barcha yoʻllar bilan onlayn auksion orqali bemalol ijaraga olish imkoniyati paydo boʻldi. Muhimi, koʻplab yurtdoshlarimiz endilikda ortiqcha ovoragarchiliksiz bundan samarali foydalanishi mumkin.

Dilafruz AZIMOVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Davlat boshqaruvi kafedrasi dotsenti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер