Yer osti suvlari cheksiz emas

11:15 08 Sentyabr 2020 Siyosat
2444 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2020-yil 8-sentyabr kuni navbatdagi “Hukumat soati” oʻtkazildi. Unda deputatlar “Suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlarda takroriy ekinlar ekish, aholi tomorqalariga suv yetkazib berish uchun yer osti suv zaxiralarini aniqlash va artezian quduqlari qazish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi Bobir Islomovning javoblarini eshitdilar.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning huquqiy-tashkiliy asoslari ishlab chiqilib, tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 1-maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Namanganning Olmos, Axcha qishloqlari atrofidagi 400 gektar maydonni sugʻorish uchun 6 ta quduq burgʻilandi. Xuddi shunday quduqlar Jizzax viloyatida 12 ta, Buxoroda 11 ta, Toshkentda 10 ta, Qashqadaryoda 3 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Fargʻonada 2 tadan burgʻilandi.

Qayd etilishicha, yurtimizda gidrogeologiya yoʻnalishidagi tadqiqotlar dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish «Oʻzbekgidrogeologiya» DUK va uning 4 ta dala ekspeditsiyalari orqali amalga oshiriladi. Respublikaning barcha hududlarida yer osti suvlarini izlash va hajmini chamalash boʻyicha geologiya qidiruv ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 2020-yilda 82 ta loyiha boʻyicha geologiya qidiruv ishlariga 86 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi. Shuningdek, «Oʻzbekgidrogeologiya» DUK moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida soʻnggi 3 yilda 20 ta burgʻilash, 4 ta kompressorlash uskunalari, 3 ta karotaj va 36 ta avtotransport texnikalari va boshqalar xarid qilinib, geologiya qidiruv ishlariga jalb qilindi.

Deputatlar bugungi kunda yer osti suvi isteʼmolchilarining yagona davlat statistik hisobot yuritish tartibini tatbiq etish hamda yer osti suvlaridan foydalanishning monitoring tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish borasida qanday ishlar olib borilayotgani bilan qiziqdilar.

Rais bergan javobga koʻra, yer osti suvlari sifati monitoringi Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit monitoringi Dasturi doirasida olib borilmoqda. Shuningdek, yer osti suvi isteʼmoli hisobini yuritishni yoʻlga qoʻyish maqsadida yillik idoraviy statistik axborot shakli ishlab chiqildi va tegishli qaror loyihasi bilan birga tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Yer osti suvlari monitoringi va kadastrini yuritishda Axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda “Onlayn” rejimda interaktiv kartografik maʼlumotlar bazasini shakllantirish dasturiy taʼminoti joriy qilinib, maʼlumotlar bilan toʻldirib borilmoqda. Hozirda 2667 ta mavjud kuzatuv quduqlaridan 250 tasi masofaviy avtomatik oʻlchov uskunalari bilan jihozlandi, noyabr oyida ular soni 400 taga yetadi.

“Hukumat soati”da deputatlarning qayd etishicha, bugungi kunda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer osti suvlaridan turli maqsadlarda foydalanish tobora ortib bormoqda. Shu maqsadda burgʻilash tashkilotlari bilan bir qatorda jismoniy shaxslarning texnika va qoʻlbola qurilmalari orqali ruxsatsiz va hisobsiz quduqlar qazish ishlari tobora koʻpaymoqda. Oqibatda, baʼzi hududlarda yer osti suvlarining kamayib va ifloslanib borayotganligi kuzatilmoqda. Mazkur holatlarning oldini olish va tartibga solish boʻyicha qoʻmita tomonidan qanday choralar koʻrilmoqda?

Qoʻmita raisi ushbu masalaga batafsil toʻxtalib, yer osti suvlaridan nooqilona foydalanish oqibatida Zomin, Nurota, Qoʻshrobod tumanlarida suv zaxiralari keskin kamayib ketayotganligini taʼkidladi. Bunday salbiy holatlarni bartaraf etish boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar hukumat qarori bilan tasdiqlanib, ijrosi taʼminlanmoqda. Yaʼni, monitoring va nazorat ishlari kuchaytirildi, yangi quduqlarni qazish va suvdan foydalanish uchun ruxsatnomalar alohida tartib asosida berilmoqda, suv olish inshootlari xatlovdan oʻtkazilmoqda. Suv isteʼmolchilariga oqilona foydalanishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha begʻaraz amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda.

Yuqoridagi holatlar kelib chiqishining oldini olish hamda ularni oʻz vaqtida aniqlash maqsadida yer osti suvlaridan foydalanish ishlarining monitoringi va nazorati yana-da kuchaytirilmoqda. Xususan, kuzatuv quduqlarini 1950 tadan 3000 taga yetkazish ishlari olib borilyapti. Shuningdek, Davlat geologiya qoʻmitasi huzurida mazkur holatni nazorat qilish huquqiga ega boʻlgan inspeksiya ham tashkil etildi.

Xalq vakillari “Hukumat soati”da muhokama qilingan masala yuzasidan oʻzlarining taklif va tavsiyalarini ham bildirib oʻtdilar. Muhokamalar soʻngida mazkur yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер