Eplagan ikki oshar...

08:51 29 Iyul 2022 Jamiyat
767 0

Foto: Xalq so‘zi

Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi Qoraqum mahallasining Yangi guzar koʻchasida yashovchi Muqaddas Mahmatova oʻtgan yili Fargʻona viloyatidan 400 tup pavlovniya koʻchati olib kelgan edi. Oʻsha nihollardan 100 tupi amal oldi, xolos. Bunga koʻchatlar ayni tomir yozayotgan palla oqar suvdagi uzilish va, albatta, uni oʻstirishda hali ayolning tajribasi yoʻqligi sabab boʻldi. Shunday boʻlsa-da, oʻtgan koʻklamda tayyor koʻchatlaridan bir qismini sotib, vodiyda qilgan xarajatini qopladi. Hozir hovlisida 1 yarim ming tup pavlovniya oʻsyapti, ularni sotsa, puli sof foyda boʻladi. Muhimi, endi unda ushbu nabobot turini tomiridan koʻpaytirishdan to parvarishlashgacha boʻlgan agrotexnikasi boʻyicha yaxshigina malakasi bor. Bunga Muqaddas asosan Internetdagi manbalarni oʻqib, oʻrganish orqali erishdi.

Muqaddas Mahmatova yaqin yillarda yiliga 6 mingta tezoʻsar pavlovniya koʻchati yetishtirishni reja qilgan. Yana behizor barpo qilish uchun 500 tup koʻchat ham tayyorlamoqda. Eʼtiborlisi, ularning payvandini ham Internetdagi tavsiyalar orqali oʻrganib, oʻzi bajardi. Qolaversa, Fargʻonadan pavlovniya koʻchatlari olib kelgan boʻlsa, Jizzaxdan biogumus hosil qilishda ishtirok etadigan chuvalchang keltirdi. Yaʼni bir parcha yerida ana shu foydali oʻgʻitni tayyorlashni yoʻlga qoʻydi. Endi tadbirkor ayolning tomorqasida qulupnay paykallari ham paydo boʻlmoqda.

Muqaddas yashayotgan mahalla chekka qishloqlar sirasiga kiradi. Shundanmi, yogʻochining yuqori sifatliligi jihatidan qaragʻaydan keyingi oʻrinda turadigan pavloniya daraxti koʻchatlari mazkur mahallada borligini uzoq-yaqindagi xaridorlar hali yaxshi bilishmaydi. Shu bois tegishli tashkilotlar tadbirkor ayolga koʻchatlar sotuvida amaliy koʻmak bersa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

— Mahallamizda Muqaddas Mahmatova kabi bogʻdorchilik, koʻchatchilik va boshqa yoʻnalishlarda tadbirkorlik qilayotgan xotin-qizlarimiz koʻpchilikni tashkil etadi, —  deydi “Qoraqum” mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli Barno Hamdamova. — Masalan, ulardan biri bogʻ yaratgan boʻlsa, boshqasi chevarlik sexi va toʻgaragi ochgan. Ayollarimizdan biri quyon koʻpaytirib, undan kelgan daromadga mahallamizda ikki qavatli savdo-xizmat koʻrsatish majmuasi qurmoqda.

Ahmadali ShERNAZAROV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер