Yengil avtotransportda yoʻlovchi tashish faoliyati oʻzini oʻzi band qilish hisoblanadi
“Avtotransport vositalarini boshqarishda va yoʻnalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-sentyabrdan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (my.gov.uz) elektron rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyiladi.
Elektron ishonchnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi va u YPX xodimlari tomonidan elektron tekshiriladi.
Elektron ishonchnoma uchun davlat boji ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga (BHMning 3 baravari – 900 ming soʻmga) nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:
— bir oygacha boʻlgan muddatga – 10 foiz (90 ming soʻm);
— olti oygacha boʻlgan muddatga – 50 foiz (450 ming soʻm);
— uch yilgacha boʻlgan muddatga – 100 foiz (900 ming soʻm).
Yuridik shaxslar haydovchilarining 2 yilda 1-marta majburiy malakasini oshirish talabi bekor qilindi.
2022-yil 1-sentyabrdan fuqarolar va yoʻlovchi tashish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar oʻrtasidagi transport ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talab qilinmaydi.
Bunda mazkur shartnomalar soliq organlarida elektron hisobga olinadi.
2022-yil 1-sentyabrdan 2024-yil oxirigacha:
— 4 tadan koʻp boʻlmagan oʻrindiqlarga ega transportlarda yoʻlovchi tashish oʻzini oʻzi band qilish deb qaraladi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi;
— litsenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatatsiya davriga qoʻyilgan talab bekor qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring