Endi ularning o'z uyi bor
Foto: "Xalq so'zi"
Tarbiyalanuvchilari bagʻrikeng oilalar safiga qoʻshilgani uchun bugunga kelib Namangan viloyatidagi 26-Mehribonlik uyi faoliyati tugatilgan. Shunga qaramay, uning sobiq tarbiyalanuvchilari taqdiri, turmush sharoiti davlatimizning doimiy eʼtiborida.
Kuni kecha ushbu goʻshada kamol topib, mustaqil hayotga qadam qoʻygan 44 nafar yigit-qizning 24 nafari yana bir gʻamxoʻrlikdan baharamand boʻldi. Ularga Namangan viloyat hokimligi tomonidan turar joylar kaliti tantanali ravishda topshirildi. Shu munosabat bilan viloyat Madaniyat markazida yuksak insonparvarlik va yosh avlod istiqboliga qaratilgan islohotlar va yangilanishlarning amaliy ifodasi sifatida oʻtgan tadbirda soʻzga chiqqanlar uy sohiblarini tabriklab, el-yurt xizmatiga kamarbasta boʻlishni tiladilar. Endilikda oʻz uyiga ega boʻlgan yoshlar esa yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosatdan mamnun ekanliklarini bildirdi.
Ahamiyatlisi, Mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchilariga rasmiylashtirilgan uy-joylar 35 turdagi zarur jihozlar bilan taʼminlanib, koʻrkam va shinam holda taqdim etildi.
Maʼlumot uchun, bundan oldin viloyatda 13 nafar Mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilarining ipoteka kreditlari toʻliq qoplanib, 6 nafar yoshning uy-joylari mukammal taʼmirlab berilgan edi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring