Endi sudyalar faqat OAV orqali axborot berib boradi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida sudlar mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyiha bilan konstitutsiyaviy kafolatlarni to‘laqonli tatbiq etish, sudlar mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida sudlar raislarining mahalliy kengashlarga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoida bekor qilinmoqda. O‘z navbatida, sudlar faoliyatida shaffoflikni yanada ta’minlash maqsadida sudlarning har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilish tartibi belgilanyapti.
Chunki sudlarning mahalliy kengashlarga axborot berishlariga oid xalqaro standartlar va xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganda sudlarning davlat hokimiyati boshqa tarmoqlaridan mustaqil bo‘lishini ta’minlashga asosiy e’tibor qaratilgani aniqlandi.
Fraksiya rahbari Alisher Qodirov qonun loyihasiga munosabat bildirar ekan, sudyalar avtonom ekanini, ularni erkinligini ta’minlash uchun ochiq hisobot berish majburiyatidan xolos qilish lozimligini ta’kidladi.
Quyi palata deputati Jahongir Shirinov bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlar ekan, sud tizimining boshqa hokimiyat organlariga hisobot berishi konstitutsion normalarga zid ekanini qayd etdi.
Qonun tashabbuskorlarining qayd etishicha, taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar sud hokimiyatining mustaqilligini to‘laqonli ta’minlash kafolatini yanada mustahkamlaydi.
Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat —“Prekursorlarni ishlab chiqarish jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda kaliy sulfat, kolloksilin, ammofos, monoammoniy fosfat kabi import o‘rnini to‘liq bosuvchi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Sulfat kislotasi ushbu kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarishning asosiy xomashyosi hisoblanadi.
Lekin sulfat kislotasi tegishli tadbirkorlik subyektlari tomonidan yetkazib berilishiga qaramasdan, yildan-yilga unga qo‘shimcha talab ortib boryapti. Shu munosabat bilan kimyo sanoatida sulfat kislotasi ishlab chiqarishning zamonaviy yangi quvvatlarini tashkil etish ehtiyoji paydo bo‘ldi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zosi Zumrad Bekatova mazkur qonun loyihasining mohiyati haqida to‘xtalar ekan, uning zarurati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan o‘z fikr-mulohalarini, takliflarini bildirdi.
Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loiyhasining qabul qilinishi kimyo sanoatida sulfat kislotasi ishlab chiqarishning zamonaviy yangi quvvatlarini tashkil etish orqali respublikada sulfat kislotasiga bo‘lgan talabni qondirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring