Endi quruvchini aniqlashda reytinglar ham “gapiradi”
Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va ushbu qaror asosida “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi.
Birgina qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini oladigan boʻlsak, endilikda ularning salohiyati 6 ta guruhdan iborat mezonlar bilan oʻlchanadi va ichiga 71 ta koʻrsatkichni qamrab oladi. Salohiyatni aniqlashda tashkilotning malakali mutaxassislari, moliyaviy koʻrsatkichlari, bajargan ishlarining sifati, ish tajribasi, texnik bazasi, raqobatdoshligi kabi mezonlar inobatga olinadi.

Qurilish vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, quyidagilar reytinglarning asosiy vazifalari etib belgilangan:
— loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari toʻgʻrisidagi yagona elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirgan holda ular reytingini yuritish;
— loyiha va qurilish ishlarida markazlashtirilgan mablagʻlardan samarali foydalanish boʻyicha takomillashgan tizimni joriy etish;
— loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga toʻliq rioya etilishiga erishish;
— loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari oʻrtasida halol raqobat muhitini shakllantirish orqali pudrat hamda loyiha ishlari bozorini rivojlantirish;
— loyihalash va qurilish sohasida mahoratli ishchi va xizmatchilarni (kadrlarni) tayyorlash, ular malakasini muntazam ravishda oshirib borish orqali loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari salohiyati oshirilishiga erishish;
— loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari soha boʻyicha dunyodagi nufuzli tashkilotlar reytingida yuqori pogʻonalardan joy olishini taʼminlash.

Muhim eslatma: mazkur reytinglar Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan, malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar, toʻlangan soliqlar va ish haqi fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; shuningdek, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilishi tugallangan obyektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida shakllanadi. Ahamiyatlisi, ushbu dastyriy taʼminotlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirildi va bu maʼlumotlar barcha uchun ochiq.
Qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi bilan reyting.mc.uz sayti orqali tanishishingiz mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring