Endi davlat bojini hamma teng toʻlaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Muhokamalar kutilganidek, manfaatdorlik bilan qizgʻin muhokama qilindi.
Masalaning bir necha yillardan beri qizgʻin munozaralarga sabab boʻlayotgan propiska va ichki migratsiyaga taalluqli ekanligi koʻpchilikda qiziqishni kuchaytirdi.
Taklif etilayotgan loyihaga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan mamlakatimiz fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylardan uy sotib olgani uchun toʻlanadigan davlat bojining alohida yuqori stavkasi bekor qilinmoqda.
Sir emas, hozirgi vaqtda notarial amaliyotda, xususan, bitimlarni tasdiqlaganlik va meros ishlarini rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini undirishda yoki davlat bojini toʻlashdan ozod qilishda ayrim tafovutlar mavjud.
Xalq vakillarining fikricha, ushbu loyiha bilan davlat bojidan ozod qilish, davlat bojini undirishning oʻziga xos xususiyatlariga aniqlashtiruvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilayotgani eʼtiborga molik.
Notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan ayrim toʻlovlar miqdorining differensial tarzda hisoblab chiqarish tartibi ularni undirishda tafovutlar kelib chiqishiga sabab boʻlayotganini koʻrish mumkin.
Shu bois, mazkur loyiha bilan bir qator notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlarining stavkalari optimallashtirilmoqda.
Deputatlar qayd etishganidek, ushbu loyihaning qabul qilinishi bilan davlat boji stavkalari optimallashtiriladi, davlat bojini undirishning oʻziga xos xususiyatlari aniqlashtiriladi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring