Elobod shaharchasida yangi maktab qurildi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Davlatobod tumanining Quyi Gʻirvon mahallasidagi Elobod shaharchasi hududning kenja aholi istiqomatgohi. Bundan bir necha yil avval zamonaviy koʻp qavatli turarjoy binolari qurilishi boshlangan ushbu dahada bir paytning oʻzida zarur ijtimoiy infratuzilma inshootlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Navroʻz bayrami tantanali nishonlanayotgan kunlarda hududdagi 95-umumtaʼlim maktabi uchun 660 oʻrinli qoʻshimcha bino foydalanishga topshirildi.

— Davlat investitsiya mablagʻlari hisobidan 10,6 milliard soʻm evaziga bunyod qilingan uch qavatli binoda taʼlimni zamon talablari darajasida tashkil etishning barcha imkoniyatlari yaratilgan, — deydi maktab direktori Maʼsuda Mirzomova. — Xususan, yangilanish jarayonida zamonaviy sport va tadbirlar zallari, 100 oʻrinli oshxona, keng va yorugʻ kutubxona ham qurildi. Inshoot foydalanishga topshirilishidan oldin elektron doskalar, 17 ta kompyuter jamlanmasi, 6 dona tikuv mashinasi hamda texnologiya fani uchun moʻljallangan boshqa vositalarni ham oldik.

Ayni paytda 600 ga yaqin oʻgʻil-qiz tahsil olayotgan taʼlim maskani toʻrtinchi chorakni ana shunday havas qilarli sharoitlarda boshlaydi. Eng muhimi, endilikda bu yerda oʻquv jarayonini faqatgina bir navbatda olib borilishi fan toʻgaraklari va amaliy mashgʻulotlarni ham yuqori saviyada tashkil etishga keng yoʻl ochadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring