Elobod ahlini quvontirgan voqea
Namangan viloyati Davlatobod tumanining kenja dahasi – Elobod shaharchasi keyingi paytlarda tezkorlik bilan barpo etilayotgan koʻp qavatli turarjoylar hisobiga kun sayin koʻrkam tus olayotir.

Ayni jarayonda infratuzilma obyektlari qurilishiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Kuni kecha bu yerda 25- davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun 150 oʻringa ega yangi zamonaviy bino foydalanishga topshirildi. Taʼkidlash joiz, ushbu muassasa yaqin vaqtga qadar moslashtirilgan binoda faoliyat koʻrsatgan va sharoit ham shunga yarasha boʻlgan edi. Bugun esa tamomila yangicha qiyofa kasb etgan ikki qavatli inshoot soha xodimlariyu hudud ahlini birday quvontirdi. Uni bunyod etishga investitsiya dasturi doirasida 6,1 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

— Bugungi kunda Davlatoboddagi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari soni 97 taga yetdi, —deydi tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Zohidjon Ergashev. — Ularga hududdagi 3—7 yoshgacha boʻlgan bolalarning 59,6 foizi qamrab olingan. Yil oxirigacha bu koʻrsatkichni 64 foizdan oshirish harakatidamiz.

MTT yangi binosining ochilishi shaharcha ahli uchun tantanaga aylandi. Uning ishtirokchilari yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xalqimiz uchun munosib turmush yaratishda muhim omil boʻlayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring