Elga xizmat qilgan kishi baraka topadi
Samarqandlik deputatlar “Saxovat va koʻmak” harakati doirasdagi ishlarni nazorat qilish barobarida, oʻz saylovchilarini doimiy ish bilan taʼminlashga ham hissa qoʻshmoqdalar.
Oliy Majlis Senatining tavsiyalari asosida mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz oʻzlarining faoliyatini birmuncha jonlantirishga hamda saylovchilari oʻrtasidagi obroʻsini taʼminlashga erishmoqdalar. Albatta bu oʻz-oʻzidan boʻlmayapti. Eng avvalo, har bir deputat oʻz saylov okrugida joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalar jadvali bilan taʼminlandi. Viloyat, shahar va tumanlar Kengashlarida “Senatorlar xonasi” tashkil etilishi barcha ishlarni muvofiqlashtirish barobarida, deputatlarga talabchanlikni kuchaytirishga yordam berdi. Deputatlarimiz ijtimoiy tarmoq orqali oʻz okruglarida belgilangan loyihalar, hududiy dasturlar ijrosini nazorat qilish boʻyicha kundalik faoliyatlarini yoritib bormoqdalar.
Prezidentimizning pandemiyaga qarshi kurashish doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha oʻtkazgan selektr yigʻilishidan keyin barcha Kengashlar sessiyalarida ushbu masala muhokama qilindi. Kengash raislari deputatlarga ehtiyojmandlarni qoʻllab-quvvatlash, roʻyxatga olingan 47 300 nafar fuqaroni tadbirkorlikka undash, oʻz biznesini boshlashiga koʻmaklashish, muqim ish bilan taʼminlash borasida faol boʻlish yuzasidan murojaat qildilar.
Viloyat boʻyicha belgilangan barcha oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari toʻla yetkazib berildi. Bu borada deputatlar tomonidan aniqlangan xato va kamchiliklar darhol bartaraf etildi. Viloyat Kengashi qoshida senator rahbarligida tashkil etilgan shtab har kuni bu ishlarni umumlashtirib, aniq vazifalar belgilab bermoqda. OAVda “Saxovat va koʻmak” harakati hamda kambagʻallikni tugatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muntazam yoritib borilayotir.
Misol uchun, Paxtachi tumaniga klaster tomonidan oʻn bitta kultivator olib kelingan. Xalq deputatalari viloyat Kengashi deputati Erkin Nurboyev tashabbusi bilan ularning barchasi xorijdan qaytgan va ishsiz yurgan mutaxassislarga biriktirildi. Yoki xalq deputatlari Paxtachi tuman Kengashi deputati Berdilla Egamberdiyevni olaylik. U yil boshidan buyon toʻrtta oilaga issiqxona qurish uchun kredit olib berishga erishdi. Bir qismi hosilini bozorga olib chiqayotgan boʻlsa, yangidan qurib bitkazilgan issiqxonalarda koʻkatlar yetishtirilyapti. Shu tariqa Quvondiq mahallasidagi 500 ta xonadonning deyarli hammasida tomorqadan katta daromad olish yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, deputatlarga qilingan murojaat tufayli muhtojlarga koʻmak koʻrsatayotgan korxonalar uchun imtiyozlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishiga erishilmoqda.
Narpay tumani Kengashi deputati Ruqiya Shukurova ham oʻzi yashab turgan mahalladagi ikkita oilaga issiqxona qurish uchun 30 million soʻmdan mablagʻ ajratilishiga erishdi. Shu tuman Kengashi deputati Karim Mahammadiyev tashabbusi bilan Toshkoʻprik mahallasida yashovchi 52 nafar fuqaro fermer xoʻjaliklariga doimiy ishga joylashtirildi. Samarqand shahar Kengashi deputati Bahodir Rahmonov oʻrganish jarayonida Muliyon mahallasida toʻrtta ehtiyojmand oila roʻyxatga kirmay qolganini aniqladi hamda ular roʻyxatga kiritildi. Shuningdek, Payariq tuman Kengashi deputati Shuhrat Farmonov Xosa mahallasidan 32 nafar fuqaroning haq toʻlanadigan jamoat ishiga jalb etilishini dommiy nazoratga olgan.
Viloyat Kengashi deputati, senator Shavkat Jalolov oʻzi rahbarlik qilayotgan “Agromir group” qoʻshma korxonasiga keyingi bir oy ichida ming nafar ishchini aʼzo qilib oldi. Samarqand, Oqdaryo, Payariq tumanida yashovchi bu fuqarolarga tez va erta pishar pomidor va bodring nihollari tarqatildi va bu ekinlar hosilini sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzildi. Viloyat Kengashi deputati Gulbeka Qoʻchqorova oʻzining tikuvchilik korxonasiga may oyida 10 nafar yangi ishchi oldi, iyun oyida esa yana oʻn nafar xotin-qiz uchun muqim ishchi oʻrni yaratilyapti. Viloyat Kengashi deputati, “Xamidjon Murodov” MCHJ rahbari Narziqul Holiqov oʻz korxonasiga may oyida 8ta yangi ishchi oldi. U ikki oydan buyon 34 ta xonadonni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlab turibdi.
Deputatlar oʻz faoliyatlari davomida aholi oʻrtasida kambagʻalchilikni tugatish, boqimandalikdan voz kechish, tomorqadan unumli foydalanish yuzasidan keng targʻibot ham olib borishyapti. Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda joylarda tadbirkorlikning yoʻnalishlari, loyihalari, taqdimotlarini ham oʻtkazmoqda. Zero, elga xizmat qilgan kishi, albatta, baraka topadi.
Farmon TOSHEV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring