Elektr energiyasi taʼminotidagi eng samarali usul
Foto: Illustrativ surat
Bu yil qish mavsumida respublikamizda elektr energiyasining muqobil turlaridan foydalanishga boʻlgan ehtiyoj sezilarli oshdi. Shunga koʻra joylarda quyosh panellarini oʻrnatish ishlari davom etmoqda. Zero, serquyosh zaminimizda elektr energiyasining ushbu muqobil turini amaliyotga keng yoʻnaltirish har jihatdan maqbuldir.
— 2016-yili 6 mln. soʻmga yashab turgan xonadonimga quyosh panelini oʻrnatganman, — deydi Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Tohirjon Rajabaliyev. —Shundan buyon elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanmaymiz. Sababi, bu vaqt orasida biror marta chirogʻimiz oʻchib qolgan yoki issiq suvsiz qolgan paytimiz boʻlmadi. Zamonaviy moslama kuniga 200 litr suvni isitib beradi. Qolaversa, soatiga 3 kVt/soat elektr energiyasini tejaydi.
Bugungi kunda tajribada oʻzini oqlagan quyosh panellaridan Andijon viloyatida 80 dan ortiq aholi xonadonlarida samarali foydalanilmoqda.

— Ayrim xonadon egalari fotoelektr stansiyalarini oʻrnatish 50 mln. soʻm mablagʻ talab qilishini eshitib, xushlamasliklari mumkin, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali mutaxassisi Muxlisa Sobirova. — Biroq bu nafaqat taʼminotdagi barqarorlikka sabab boʻladi, balki moliyaviy jihatdan ham anchagina mablagʻni iqtisod qilishga imkon beradi. Masalan, bir oila xonadoniga 5 kVt/soat quvvatdagi shunday qurilma oʻrnatildi, deylik. Unga sarflangan xarajatni 9 yilda qoplash mumkin. Moslamaning xizmat qilish muddati 20 yil ekanligini hisobga olsak, uy egasi 11 yil davomida elektr energiyasidan nafaqat bepul foydalanadi, balki ehtiyojidan ortganini sotadi ham.
Yana bir jihat Andijon viloyatida shu kungacha 162 ta korxona va tashkilotlarning 2 mingdan ziyod bino-inshootlariga quyosh panellari hamda suv isitish kollektorlari, “aqlli chiroqlar” oʻrnatildi. Bu bir oyda 543 ming kVt/soat elektr energiyasini tejash imkonini bermoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring