El-yurtga eʼtibor, avvalo, tilga eʼtibordan boshlanadi
1989-yil 21-oktyabr kuni “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan edi. Oʻzbek tili oʻtgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini oʻzaro bogʻlaydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
Prezidentimizning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida maʼqullangan va davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni ona tilimizning mavqeyini yana-da oshirishga mustahkam poydevor boʻladi. Qolaversa, davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora ortishi hamda xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga boʻlgan qiziqish kuchayishiga xizmat qiladi.
Oʻzbek tili bayrami nishonlanishi, eng avvalo, shu zaminda istiqomat qilayotgan millionlab yurtdoshlarimiz hamda dunyoning turli hududlaridagi tildoshlarimizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Endilikda 21-oktyabr kunida oʻzbek tili bayramini nishonlash bilangina cheklanmasdan, bir yil davomida tilimiz rivoji yoʻlida amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy tahlil qilish, turli ilmiy anjumanlar, aksiyalar oʻtkazish, soha fidoyilarini munosib taqdirlash kabi ishlarni ham amalga oshirishimiz talab etiladi.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlangan, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish belgilangan va mazkur norma amalda toʻliq oʻz ifodasini topganligini ham taʼkidlash joiz.
Ushbu Qonun har birimizning oldimizga davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, oʻzbek tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmogʻida munosib oʻrin egallashini taʼminlash, oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish kabi oʻta dolzarb vazifalar qoʻyadi.
Baxtiyor SAYFULLAYEV, Oliy Majlis Senati
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring