“El-yurt umidi” jamgʻarmasi grantini qanday qilib qoʻlga kiritish mumkin?
Foto: Халқ сўзи
Jizzax viloyati Doʻstlik tumanida Arnasoy, Paxtakor va Mirzachoʻl tumanlarining ilmga chanqoq yoshlari uchun oʻtkazilgan amaliy-uslubiy seminarda shu va shu singari savollar oʻrtaga tashlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda jahon mehnat bozori uchun raqobatdosh, yuqori malakali mutaxassislarni nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tayyorlash bilan bogʻliq yangiliklar asosiy mavzuga aylandi.

— Stipendiat taʼlim olish uchun tanlagan oliy taʼlim yoki ilmiy muassasa The Times Higher Education, QS World University, ARWU kabi xalqaro tashkilotlar reytingiga koʻra jahondagi eng yaxshi 300 talikka kirgan boʻlishi kerak, — deydi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi direktori oʻrinbosari Javohir Ahmedov. — Bugungi seminarda tushayotgan savollar, yoshlarning xorijiy tillarni bilishi, ularning dunyoqarashi va rejalaridan bilinib turibdiki, tumanlarga kelib seminar oʻtkazishimiz ular uchun ayni muddao ekan.
Seminarda jamgʻarma ish faoliyatining mazmun-mohiyati, bugungi kunda jamgʻarma tomonidan yoshlarga ajratilayotgan xorijiy grantlar, stipendiya tanlovlarining yangi talablari, ajratilgan kvotalar, ustuvor yoʻnalishlar, tanlovni tashkil etish mexanizmi hamda elektron hujjat topshirish platformasining ishlash tartibi toʻgʻrisida ham atroflicha maʼlumotlar berildi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring