El og‘irini yengil qilish saodati
Parkent tumani — barqaror iqtisodiy salohiyati, betakror tabiati, so‘lim qishloqlari, turizm madaniyatini shakllantirishga mosligi, tanti va mehnatkash odamlari bilan azaldan el og‘ziga tushgan. Qishloq xo‘jaligida “Parkent tajribasi”ga asos solgan bog‘bon va dehqonlar sulolasining ish tajribasi viloyatimizda alohida ahamiyatga ega.
Zamon taraqqiyoti bilan hamnafas yashayotgan parkentliklar bugun ham har bir jabhada tegishli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Tuman 2-sektoriga biriktirilgan to‘qqizta mahallada qariyb 25 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning quvonchu tashvishlari, to‘y-maʼrakalari bilan doimo birgamiz.
Hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli past darajadgi mahallalarni ixtisoslashuvidan kelib chiqib, bo‘sh turgan yerlarni aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil qilib, mahalla drayverini yuzaga chiqarish maqsadida “mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha sektorda boshqaruv ofisi tashkil etilgan. Mazkur maskanda iqtisodiy majmuaning 5 nafar vakili faoliyat yuritmoqda.
“Mahallabay” ishlash tizimi doirasida bizga birktirilgan mahallalarni kompleks rivojlantirish yuzasidan “yo‘l xaritasi” asosida ish olib borilyapti. Bugunga qadar 1 ming 100 ga yaqin xonadonlar o‘rganilib, “Аyollar daftari”ga kiritilgan 162 nafar xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 395 nafar yoshlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, muammolarni hal etish choralari ko‘rilyapti. Shu bilan birga, 149 ta tadbirkorlik subʼektlarining 50 nafarida kredit olish istagi borligi aniqlandi va ularga zaruriy hujjatlar to‘plashga ko‘maklashildi. 4 nafar tadbirkorga esa 556 mln. so‘m miqdoridagi kredit maьlag‘i ajratilishi taʼminlandi.

“Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida dolzarb muammolarni bartaraf etishning tezkor chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Shunga ko‘ra, kredit olish istgini bildirgan 78 ta xonadon aʼzolaridan 15 tasiga tikuvchilik dastgohlari xarid qilishi uchun, 7 tasiga zamonaviy issiqxona qurish, 6 tasiga asalarichilikni rivojlantirish, 18 tasiga chorvachilik yo‘lga qo‘yish, 3 ta xonadonga xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida hamda 45 ta xonadonga ishlab chiqarishni shakllantirish uchun amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Sektor hududidagi har bir oilaning to‘liq moddiy-maʼnaviy muhiti xususida elektron baza shakllantirilgan. Qaysidir oilada o‘zaro kelishmovchilik tufayli notinchlik hukmon. Kimningdir esa, nogironligi yoki ijtimoiy himoyaga muhtojligi tufayli uy-joyini taʼmirlashga imkoni yo‘q. Xalqimiz o‘ta oriyatli bo‘lganidan, birovga dardini to‘kib solgisi kelmaydi. Natijada oiladagi muammolar yig‘ilib, mushkul vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Masalaning ana shu jihatlarini doimiy nazoratga olishimiz kishilar og‘irini yengil qilishda qo‘l kelayotir.
“Аyollar daftari” bilan ishlash samarasi
Sektorga tegishli hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni aniqlash va ularga moddiy-maʼnaviy ko‘mak berish maqsadida 4163 nafar ayollar bilan suhbatlar o‘tkazilib, yordamga muhtoj 162 nafar xotin-qizning ro‘yxati to‘qqizta yo‘nalishda shakllantirildi. Ushbu daftardagi sakkiz nafar ayolga jami 198 mln. so‘m miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratildi. Shuningdek, 58 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ayollarning 50 nafari bandligini taʼminlash choralari ko‘rildi. 21 nafar boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalardagi 15 nafar ayollarga moddiy yordam ko‘rsatildi.
O‘n ikki nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, I-, va II-guruh nogironligi bo‘lgan ayollar to‘liq tibbiy ko‘riqdan o‘tkazilib, tegishli huquqiy tavsiyalar berildi. Bir nafar I-guruh nogironligi bo‘lgan ayolga ko‘ngilli homiylarni jalb qilgan holda uy-joyini taʼmirlash rejalashtirilgan.

Sektor aʼzolari bu kabi savobli ishlarni davom ettirib, ehtiyojmand fuqaroning o‘zi yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar-joy mavjud bo‘lmagan, bir va undan ortiq I-, yoki II-guruh nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan, yolg‘iz onalar, tibbiy himoyaga, huquqiy va psixologik maslahatga zururiyati bor ayollarning barchasiga tegishli yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bulardan tashqari “Аyollar daftari”da turuvchi xotin-qizlarning moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida 60 nafariga bir martalik yordam ajratilishi taʼminlandi.
Sektor aʼzolarining saʼyi harakatlari natijasida 125 nafar xotin-qizlar “Аyollar daftari”dan chiqarildi. Qolgan fuqarolarni ham joriy yil avgust oyigacha moddiy taʼminotini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda.
“Temir daftar” nega shakllantirilgan edi?
Pandemiya davridagi mavjud qiyinchiliklar hamda aholining kambag‘allik qatlamini bosqichma-bosqich bartaraf etish maqsadida 2020 yilda hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar o‘rganilib, “Temir daftar”ga kiritilgandi.
Chunki ushbu fuqarolarning doimiy daromad manbaiga ega emasligi ularning moddiy taʼminotini kun sayin og‘irlashishiga olib kelayotgandi. Ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar, ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berdi. 439 ta oilaga jami 1 mlrd. so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.
Sektor aʼzolari bu boradagi tadbirlarni uzluksiz davom ettirmoqda. Kishilardagi boqimandalik kayfiyatini yo‘qotish, ulardagi tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishni shakllantirish uchun 4 ta xonadonga issiqxona qurilishi uchun 9,2 mln. so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Shu tariqa 49 ta xonadonga 57 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. 42 ta xonadonning kommunal qarzdorligi to‘lab berildi. “Istiqbol” MFYda yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan fuqaro Oysara Mo‘minovaga yangi uy-joy qurib berilyapti.

“Аyollar daftari” ga kiritilgan “Objuvoz” MFY da yashovchi Muhayyo Umarovaning qo‘lida guldek hunari borligi o‘rganilib, “Go‘zallik saloni” ochib, doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishiga tegishli maslahat va yordam ko‘rsatildi. U bugungi kunda bankdan 33 mln. so‘m imtiyozli kredit olishga erishdi. Muhayyo Umarovaning “Go‘zallik saloni” tufayli yana uch nafar ayollar doimiy ish o‘rni bilan taʼminlanadi.
Bunday misollar juda ko‘p.
“Yoshlar daftari” ham doimiy eʼtiborda
Tuman 2-sektori tasarrufida 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 5780 nafar yoshlar qamrab olingan. Mahalla va guzarlarda istiqomat qilayotgan yoshlar orasidagi ishsizlikni bartaraf etish, ularni doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishini taʼminlash maqsadida har bir xonadonda muttasil suhbatlar o‘tkazilmoqda. Natijada, 395 nafar yigit-qizlarni “Yoshlar daftari”ga kiritilishi lozim topildi. Doimiy ishlash istagida bo‘lgan 202 nafar yoshlarning 115 nafarining bandligi taʼminlandi.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 27 nafar yoshlarning 12 nafariga jami 576.2 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratilib tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashildi. Oltmish nafarga yaqin yoshlar esa, o‘zini-o‘zi band qilishga erishdi.
Yoshlar bilan suhbatlar jarayonida asosiy eʼtibor ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik muhitini shakllantirish, xalqimizning azaliy qadriyatlari sanalmish ota-onani doimiy eʼzozlash, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lish, sabr va muruvvat tuyg‘ularini egallash kabi noyob xislatlarga erishishiga qaratilmoqda. Chunki kishilik jamiyatini bunday fazilatlarsiz tasavvur qilish qiyin albatta.
Tumanimiz bog‘dorchilikka moslashgan hudud bo‘lgani bois, qishloq xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanish istagidagi tashabbuskor yoshlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Аslida, parkentliklar oilasidagi xayru baraka ham doimo dehqonchilikdan kelgan. Shu bois, yoshlar o‘rtasida bu halol mehnatga bo‘lgan intilish ortib bormoqda. Bugungacha bunday tashabbus bilan chiqqan 99 nafar yoshlarning 81 nafariga 30 sotixdan yer ajratilishi taʼminlandi.
“Yoshlar daftari”da turuvchilarning moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida 147 nafariga bir martalik yordam ko‘rsatilishi taʼminlandi. Mana shunday saʼyi harakatlar natijasida ularning 326 nafarini “Yoshlar daftari”dan chiqarishga erishildi.
Dilshod ISMOILOV,
Parkent tumani prokurori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring