Eksportni ragʻbatlantirish uchun nimalar qilish kerak?
Hukumatning Parlamentga taqdim etgan joriy yil olti oylik hisobotida eksport hajmi birmuncha pasaygani haqida qayd etilgan. Albatta, Global inqiroz taʼsirida kutilgan holat. Dunyo boʻyicha ham savdo aylanmasi uchdan bir qismga kamayishi bashorat qilingan.
Eksport hajmining oshishi, eng avvalo, pandemiya sharoitida ish oʻrinlarini saqlab qolish va aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlash uchun xizmat qiladi.
Raqamlarga eʼtibor qilsak, eksport qiluvchi korxonalar faoliyatidagi muammolar doimiy ravishda oʻrganib, ularni hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 287 ta eksport qiluvchi korxonaga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 868 mlrd soʻm kredit ajratilgan, 238 ta korxona tomonidan ortiqcha toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi qaytarilgan, 293 ta korxonaga xorijdan xaridor topishda amaliy yordam koʻrsatilgan, 36 ta eksport qiluvchi korxonaga transport xarajatlarini qoplab berish uchun 2,1 mlrd soʻm ajratgan, 83 ta korxonada tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolari hal etilgan.
Eksport tarkibida sanoat tovarlari 18,7 foiz, xizmatlar eksporti 16,1 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 8,9 foiz, kimyoviy vositalar 6,1 foiz, mineral yoqilgʻi 5,1 foiz, turli hil tayyor buyumlar 4,5 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 3,7 foiz, mashinalar va transport asbob-uskunalari 2,6 foiz va boshqa tovarlar 34,3 foizni tashkil qilmoqda.
Mavjud imkoniyatni toʻliqroq safarbar qilish orqali eksportni ragʻbatlantirish har qachongidan muhim.
Bunda:
— xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish orqali dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ragʻbatlantirish siyosatini izchil davom ettirish;
— sanoat mahsulotlari eksporti hajmini yana-da oshirish uchun karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda joylarda mahsulot ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun koʻmaklashish, xom-ashyo oldi-sotdi jarayoni va yuk tashish sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy qilish orqali qulayliklar yaratish;
— xalqaro sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish, eksport qiluvchi korxonalarni bu borada real qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring