Ekin dronlar yordamida parvarish qilinmoqda
Foto: «Xalq so‘zi»
Qorako‘l tumanidagi “Qahramon Akbar paxtakor” fermer xo‘jaligiga qarashli ekin maydonlari uzra uchuvchisiz qurilma – dron parvozi kuzatildi. Uning vositasida 29 gektar yer tasvirini olish, lazerli maydon tekislagich agregatiga koordinatlar yuzasidan tegishli buyruqni yetkazish, ekinni sug‘orish yumushlari bajarildi.
“Merganteks” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizidagi paxta – to‘qimachilik klasteri tomonidan tajriba tariqasida amalga oshirilgan bu ishning Buxoro tumanidagi “O‘ktam Ibrohim To‘qli” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan ilmiy – innovasion texnologiyalar ko‘rgazmasidagi taqdimoti to‘planganlarga katta qiziqish uyg‘otdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur klaster tomonidan xorijdan uchta “AGRAS –T 40” rusumli uchuvchisiz uchish qurilmasi xarid qilingan. Ular yordamida nafaqat ekinni sug‘orish, balki unga biologik yoki kimyoviy ishlov berish imkoniyati ham bor. Bu dronlar har biri soatiga 16 gektar maydondagi o‘simlikni sug‘ora oladi. Ishchi resurslarni tejaydi. Eng muhimi, paxta yetishtirishga sarflanayotgan suv va mineral o‘g‘itni odatdagiga qaraganda 2,5 baravarga qisqartirish imkonini beradi. Vegetasiya davrini ham qisqartirib, hosildorlikning oshishiga shart – sharoit yaratadi.
Aytish joizki, ushbu paxta – to‘qimachilik klasterida chigitni plyonka ostida ekish, ekinlarni tomchilatib sug‘orish, mineral o‘g‘itni suv quvurlari vositasida o‘simlik ildiz qismiga yetkazish, sug‘orishning innovasion texnologiyalari uchun zarur materiallarni ishlab chiqarish borasida yaxshigina tajriba to‘plangan. Uchuvchisiz uchar qurilmalarning qo‘llanila boshlanishi bu yo‘nalishdagi navbatdagi dadil qadam bo‘ldi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring