YXHT konferensiyasida Oʻzbekiston bilan iqlim oʻzgarishi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov 2023-yil 7-iyul kuni Vena shahrida (Avstriya) boʻlib oʻtgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) iqlim oʻzgarishi boʻyicha yuqori darajadagi konferensiyasida qatnashdi.
Tadbirda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlari ham ishtirok etishdi.
Ekologiya vaziri A.Abduhakimov oʻz maʼruzasida ishtirokchilar eʼtiborini iqlim oʻzgarishining suv resurslariga taʼsir etuvchi xavflari, Markaziy Osiyo daryolarida suv oqimini kamaytirish prognozlari va suv tanqisligiga qaratdi.
Monitoring, oʻz vaqtida axborot va bilim almashish, mintaqaviy strategiyalar va moslashuv choralarini birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, yoshlar bilan ishlash, iqlim oʻzgarishi masalalarida yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mintaqaviy tizim zarurligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish boʻyicha Markaziy Osiyo universitetining tashkil etilishi haqida maʼlumot berildi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi “Yashil universitet”ga katta qiziqish bildirdilar.
Tashrif doirasida bir qator oliy darajadagi uchrashuvlar oʻtkazildi. Xususan, YXHT Bosh kotibi X.Shmidt, AQSH Prezidentining iqlim masalalari boʻyicha maxsus vakili Jon Kerri, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Avstriya, Gruziya, Chexiya, Finlyandiya atrof-muhitni muhofaza qilish vazirliklari rahbarlari bilan Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring