YEXHT DIIHB kuzatuvchilari missiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

10:15 04 Dekabr 2019 Jamiyat
1040 0

2019-yil 3-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Kayetana De Zuluyeta Outram boshchiligidagi YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi kuzatuvchilari missiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda S. Safoyev xalqaro standartlar va eng yaxshi xorij amaliyoti asosida Oʻzbekistonda saylov toʻgʻrisidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha olib borilgan keng koʻlamli ishlar haqida qisqa axborot berdi. Jumladan, boʻlajak saylovni demokratik standartlarga muvofiq yuksak tashkiliy saviyada oʻtkazish uchun mamlakatimizda barcha ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Xalqaro kuzatuvchilarning, shu jumladan YEXHT kuzatuvchilari missiyalarining avvalgi saylovdagi tavsiyalarining koʻpchiligi milliy qonun hujjatariga tatbiq etilgani taʼkidlandi. Natijada yagona Saylov kodeksi qabul qilindi, saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etildi, kadrlar tayyorlash tobora yaxshilanib bormoqda.

Oʻz navbatida, Kayetana De Zuluyeta Outram boʻlajak saylovga tayyorgarlik koʻrish xususiyatlarini yaxshiroq tushunishda yordam beradigan axborot uchun minnatdorlik bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, YEXHT DIIHB oʻzbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni va u rahbarlik qilayotgan missiya ishini tashkil etishga yordam berilayotganini yuqori baholaydi.

Eslatib oʻtamiz, YEXHT DIIHB kuzatuvchilarining toʻliq missiyasi Oʻzbekistondagi parlament saylovida ilk bor ishtirok etmoqda. Uning tarkibiga 11 nafar ekspert va 30 nafar uzoq muddatli kuzatuvchisi kiradi, ular mamlakat hududlarida saylov kampaniyasining borishini kuzatib boradi. Shuningdek, saylov kuni qariyb 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер