Ehtiyot boʻling: sifatsiz benzin sotgan AYOQSHlar aniqlandi
Oʻzbekistonda avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida (AYOQSH) sotilayotgan avtobenzin sifatini nazorat qilish boʻyicha Raqobat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda maxsus tadbir oʻtkazildi. Nazorat davomida respublika hududlaridagi qator AYOQSHlarda sotilayotgan avtobenzinlardan namunalar olib, ularning davlat standarti talablariga muvofiqligi laboratoriya sharoitida tekshirildi.
Tekshiruv natijalariga koʻra, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi “Black Gold Energy” MCHJ (AI-92 hamda AI-95 markali benzinlar) va “Safomax Oil” MCHJ (AI-92 markali benzin) shoxobchalaridagi yonilgʻi namunasi sifat talablariga javob bermasligi aniqlandi. Samarqand viloyatida esa Jomboy tumanida joylashgan “Happy Oil” MCHJga qarashli AYOQSHda sotilayotgan AI-95 markali avtobenzin sifatsiz ekani Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi xulosasi bilan tasdiqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilganligi sabab, Raqobat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan 3 ta xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan ish qoʻzgʻatildi. Ushbu subyektlarga umumiy hisobda 22 million soʻmga yaqin pul mablagʻlarini isteʼmolchilarga qaytarish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.
Qoʻmita tomonidan ushbu kabi nazorat tadbirlari kelgusida ham davom ettirilishi va bozorda faqat sifatli yonilgʻi mahsulotlarining sotilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish hamda xavfsiz va sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring