Duolari tabarruk ota
Iminjon ota Temirovni shu yilning 30 aprel kuni Marhamat tumanidagi 563-referendum uchastkasida uchratdik. 98 yoshni qarshi olgan otaxon nabiralari qurshovida muhim siyosiy jarayonda ishtirok etar ekan, kelajagimizga befarq emasligini o‘zining faolligi bilan ifoda etdi va boshqalarga ibrat bo‘ldi.
- Urush yillarini ko‘rgan, ocharchilik azobini tortgan insonlar uchun bugungi kunimiz jannatning bir bo‘lagidek gap,-deydi Iminjon ota suhbatda. – Front ortida ham, frontda ham vatanimiz ozodligi, xalqimiz xurligi uchun kurashdik, shu kunlarni orziqib kutdik. Mana, yurtimiz tinch, hayotimiz osuda! Ilohim, urush ko‘rmaylik. Mamlakatimizda har doim ozodlik hukm sursin!
Bugun Andijon viloyatida istiqomat qilayotgan 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari soni 6 nafarni tashkil etadi. Ularning har biriga davlatimiz rahbarining shu yil 2 may kungi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni o‘qib, eshittirildi. Prezidentimiz, hukumatimizning e’tibori qalblarga shuur olib kirdi.
- Hamma gap e’tiborda,-deydi Iminjon ota Temirov. –Bizni hurmat qilib, eslaganlari uchun duodamiz! Ilohim, yurtimiz tinch osmonimiz har doim musaffo bo‘lsin!
Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring