Dunyoning qaysi mamlakatlariga koronavirus hamon kirib bormagan?

21:33 12 Aprel 2020 Dunyo
2402 0

Shimoliy Koreya rasmiylari mamlakat hududida koronavirusga chalinish bilan bogʻliq birorta holat qayd etilmaganini taʼkidlab kelmoqda. Bu haqda Bi-bi-si maʼlum qildi.

KXDR markaziy favqulodda epidemiologik vaziyatga qarshi kurashish shtabi direktori Pak Myon Suning aytishicha, mamlakatda shu paytgacha biror inson yangi koronavirus bilan kasallanmagan. Uning soʻzlariga koʻra, mazkur davlat kasallikka qarshi kurashish uchun aholini muntazam tekshiruvdan oʻtkazish, mamlakatga kirib kelgan barcha fuqarolar uchun karantin joriy etish, puxta dezinfeksiya, shuningdek, chegaralar, dengiz va havo yoʻllarini yopish kabi oldini olish choralarini amalga oshirdi.

Ayrim boshqa mamlakatlar esa ushbu bayonotga ishonmasligini bildirgan. Masalan, Janubiy Koreya qoʻshni davlatda koronavirusning yoʻqligi haqidagi maʼlumot notoʻgʻri deb hisoblaydi.

“KXDRda yuqtirish bilan bogʻliq ayrim holatlar roʻy bergan, biroq ommaviy kasallanish haqiqatan ham yoʻq”, — deya taʼkidlashmoqda Janubiy koreyalik mutaxassislar.

Amerikalik shifokorlar ham Shimoliy Koreyada virusning yoʻqligi haqidagi xabar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini qayd etishgan. Ular oʻz fikrlarini KXDR Xitoy va Janubiy Koreya bilan chegaradosh ekanligi, transchegaraviy savdo hajmi va iqtisodiy munosabatlar mavjudligi bilan izohlashgan. Oʻz navbatida amerikaliklar ham Shimoliy Koreyada koronavirus bilan ommaviy kasallanish holati mavjud emasligini qoʻshimcha qilishgan.

Xorij matbuoti xabarlariga koʻra, Shimoliy Koreya Osiyodagi boshqa davlatlarga nisbatan virus tarqalishiga qarshi choralarni tezroq qabul qildi. Yanvar oxirida KXDR chegaralarini yopdi va yuzlab xorijliklarni poytaxt Pxenyan shahrida izolyatsiyaga oldi. Shu paytda Xitoyda kasallanish miqdori geometrik progressiya asosida koʻpayib borayotgandi.

Yakunda KXDRda 10 ming fuqaro izolyatsiyada qoldi, qariyb 500 kishi hamon karantinda.

Bugungi kunda jahon boʻyicha koronavirus rasman tasdiqlanmagan boshqa davlatlar hamon bor. Yaman, Turkmaniston, Tojikiston, Janubiy Sudan, Vanuatu, Mikroneziya, Nauru, Samoa kabi oʻnga yaqin mamlakatlar shular jumlasidandir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер