Dunyodagi 60 ta universitetdan taklif olgan buxorolik oʻquvchi qaysi oliy oʻquv yurtida oʻqish niyatida?
Firdavs Sobirov — Buxoro shahridagi 35-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi. Bilimli. Izlanuvchan. Ayniqsa, kimyo faniga qiziqishi boʻlakcha. Doʻstlari shu haqda soʻz ochilsa, “U bu fanni “suv qilib ichib yuborgan”, deyishadi.
Balki oʻrtoqlari bir oz oshirib yuborishgandir. Ammo Firdavsning kimyoni chuqur oʻrganayotgani va havas qilsa arzigulik natijalarga erishayotgani bor gap. Biz u qoʻlga kiritgan yutuqlarning ayrimlarini tilga olish bilan cheklanmoqchimiz. 2019-yilda respublika Xalq taʼlimi vazirligi va Fargʻona viloyat hokimligi hamkorligida oʻtkazilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi kimyo olimpiadasida Firdavs sovrinli 2-oʻrinni egalladi. 2020-yilning 10-mart kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan 54-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi saralash bosqichi yakuniy natijalariga koʻra, u Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibiga qabul qilindi. Turkiya davlati tashkilotchiligida oʻtkazilgan 52-Butunjahon Xalqaro kimyo olimpiadasida bronza medali bilan taqdirlandi.
Natijada Firdavs Sobirov hali oʻrta maktabni tugatmay turiboq jahonning, aniqrogʻi, Janubiy Koreya, AQSH, Rossiya, Angliya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlarning 60 ta oliy oʻquv yurtidan taklif oldi. Uni oʻz talabalari safida koʻrish istagida boʻlganlar qatorida Stenford universiteti, Kaliforniya texnologiya universiteti, Seul milliy universiteti kabi dunyoga mashhur oliy oʻquv yurtlari bor.
Xoʻsh, yosh zamondoshimiz ularning qay birini tanlaydi?
— Xorijning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida oʻqish boʻyicha tushgan takliflardan ustozlarim, ota-onam, oʻzim ham xursandman, albatta, — deydi u. — Lekin eʼtiboringizni bir jihatga qaratmoqchiman. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida Prezident universitetini tashkil etish ham koʻzda tutilgan. Bu oʻquv dargohida oʻqishlar xalqaro standartlar va milliy anʼanalar uygʻunligida olib boriladi. Qolaversa, mazkur universitetning professional kadrlar tayyorlovchi yetakchi taʼlim va ilm-fan markaziga aylanishi koʻzda tutilgan. Niyatim aynan ushbu universitetda tahsil olish va yurtimiz ilm-fani rivojiga hissa qoʻshishdir.
Mahfuza ERGASHEVA,
Buxoro shahridagi 35-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi,
“Shuhrat” medali sovrindori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring