Dunyoda muqobili boʻlmagan resurs

19:12 27 May 2022 Jamiyat
817 0

Foto: Illustrativ foto

Dunyoda muqobili boʻlmagan yagona resurs suvdir. Tasavvur qiling, uyingizda elektr taʼminoti uzilib qoldi. Oʻrniga sham yoki fonusdan foydalanasiz. Tabiiy gaz oʻrnida oʻtin, koʻmir kabilarni qoʻllash imkoni bor. Toza ichimlik suvi toʻxtatilsa, uning oʻrnini qanday toʻldirish mumkin?

BMT maʼlumotiga koʻra, sayyoramizdagi 2 milliard aholi toza ichimlik suvidan bebahra qolmoqda. Qolaversa, jahonda 2050-yilgacha boʻlgan davrda suvga boʻlgan global talab 55 foizga oʻsishi prognoz qilinayotir. Shu raqamlarning oʻziyoq suvni asrash bilan bir qatorda undan toʻgʻri foydalanish eng muhim vazifamizga aylanganini koʻrsatadi.

— Inspeksiyamiz tomonidan vakolatimiz doirasida oʻnlab nazorat tadbirlari tashkillashtirildi, — deydi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyat hududiy inspeksiyasi boshligʻi Dilmurodjon Sultonov. — Jumladan, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish hamda foydalanish talablariga rioya etilishini taʼminlash, texnik jihatdan mavjud boʻlgan normativ hujjatlarga rioya etilishi holatlari oʻrganildi. Natijada amaldagi tartiblarga rioya etmaslik bilan bogʻliq ellikka yaqin holatlar aniqlandi. Misol uchun, Andijon shahridagi 11-umumtaʼlim maktabida toza ichimlik suvidan foydalanishning maqsadli uslubi qoʻllanilgani holda joʻmrakka suv hisoblash moslamasi oʻrnatilgan. Biroq uning tashqi taʼsirdan himoyalanish choralari koʻrilmaganligi texnik nosozliklarga sabab boʻlishi mumkin. Jalaquduq tumanidagi 5-, 17-umumtaʼlim maktablarida boʻlsa ichimlik suvining dastlabki hisobini yuritish qoidalariga amal qilinmagan. Bu kabi salbiy holatlarni Paxtaobod tumanida ham kuzatish mumkin. Achinarlisi shundaki, amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni isteʼmolchilar qoʻllab-quvvatlash oʻrniga bu boradagi eʼtiborsizliklari xizmat koʻrsatishdagi sifat meʼyorlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Misol uchun, Paxtaobod tumanida bir oyda foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun 417 million 160 ming 165 soʻm miqdorida toʻlov undirilishi kerak boʻlgani holda amalda 200 million soʻm mablagʻ toʻlanyapti, xolos. Reja hatto 50 foizga ham bajarilmayapti. Haqiqatni aytadigan boʻlsak, aholiga yuz foiz darajada xizmat koʻrsatilyaptiyu, isteʼmolchilarning yarmidan koʻpi bunga munosib javob bermayaptilar. Natijada ularning qarzdorlik miqdori 3 mlrd. 74 mln. 384 ming soʻmga yetdi. Hozirda isteʼmolchilar orasida amaldagi tartiblarga rioya etish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz.

2022-yil davomida viloyat miqyosida jami 138 mlrd. 556 million soʻm mablagʻ hisobiga 42 ta obyektda 487,6 km. ichimlik suv tarmogʻini tortish, 73 dona suv inshootini qurish, 23,3 km. oqava suv tarmogʻini tortish va 3 ta oqava suv inshootini qurish rejalashtirilgan. Buning natijasida 93,6 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanib, 286 ming nafar isteʼmolchilarning suv taʼminoti yaxshilanadi. Yil yakuniga qadar aholining toza ichimlik suvi taʼminoti 85 foizga, oqava suv xizmati koʻrsatish esa 8,1 foizga ortishi koʻzda tutilgan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер