Dunyo ijobiy aks sado bermoqda

10:51 09 May 2018 Jamiyat
1461 0

Islom dinining yuksak ma’naviy ahamiyatini targ‘ib etish uchun yurtimizda olib borilayotgan ishlar butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otayotgani ommaviy axborot vositalari orqali ko‘pchilikka ma’lum.

Avval xabar berganimizdek, sharqshunos va islomshunos bir guruh o‘zbek olimlari Fransiyaga safari davomida o‘tkazayotgan uchrashuvlari har ikki mamlakat aloqalarining mustahkamlanib borishiga xizmat qiladi. Fransiya musulmonlari kengashi faxriy prezidenti, Parij jome masjidi imomi Dalil Bubakr, muftiy J. Buzidi bilan hamyurtlarimizning muloqoti chog‘ida diniy sohadagi tashabbuslarning mazmun-mohiyati, musulmon hamjamiyatiga bundan yetadigan foyda hamda manfaatlar haqida so‘z bordi.

— Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi O‘zbekistonning olamshumul ahamiyatga molik tashabbuslari hisoblanadi, — deydi  J. Buzidi. — Bu ishlar o‘tmishda bo‘lgani kabi o‘zbek zaminidan ko‘plab olimu fuzalolar yetishib chiqishiga xizmat qilishiga, ular, o‘z navbatida, islom ma’rifatining dunyo bo‘ylab keng yoyilishiga ulkan hissa qo‘shishlariga ishonaman.

— Biz islom dinining O‘zbekistondagi ma’rifiy, bag‘rikenglik tamoyilini, yoshlarni yaxshi an’analar ruhida tarbiyalashga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, — deydi Dalil Bubakr. — Yaqin kunlarda Toshkent, Samarqand, Buxoroga delegatsiyamizni yuborishni rejalashtirayapmiz. Imom Buxoriy, Imom Termiziy maqbaralari, Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilishdek orzularimiz tez kunlarda ijobat bo‘lgay, in shaa Alloh.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 16 aprelda imzolangan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar dunyoning turli burchaklarida ijobiy aks sado berayotgani bejiz emas. Binobarin, bu islom dinining umrboqiy qadriyatlari bashariyatga daxldor ekanligining yorqin dalilidir.

Shoyim BO‘TAYEV
tayyorladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер