Dukchi Eshon kim boʻlgan?
Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod shahrida boʻlib oʻtgan Andijon qoʻzgʻolonining 125-yilligiga bagʻishlangan ilmiy anjumanda shu kabi savollarga javob berildi. 600 nafardan ziyod ishtirokchi tadbirda butun Turkiston xalqlarining ozodligi yoʻlida amalga oshirilgan ushbu harakatning ahamiyati haqidagi fikrlar bilan tanishdilar.
— Chor Rossiyasi Fargʻona vodiysining sugʻoriladigan serunum yerlariga slavyan dehqonlarini koʻchirib kelishi Andijon qoʻzgʻolonining yuzaga kelish sabablaridan biridir, — deydi Oʻsh davlat universitetining dotsenti, tarix fanlari nomzodi T. Jarkinboyev. — Bu jarayon qoʻzgʻolon bostirilganidan keyin ham davom etgan. Slavyan dehqonlariga katta imtiyozlar berilgan. Ulardan 10-yilgacha soliq olinmagan. Shuningdek, farzandlari harbiy xizmatga jalb etilmagan. Slavyan dehqonlari, garchi, mahalliy dehqonlarning 6 foizini tashkil etgan boʻlsada, ularga sugʻoriladigan mavjud maydonning 55 foizi taqsimlab berilgan. Bu adolatsizlik mahalliy aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlgan.
Tadbirda bir guruh oʻzbekistonlik olimlar ham ishtirok etishdi.
— Tarix sahifalarida Dukchi Eshon haqida notoʻgʻri maʼlumot berilgan, — deydi “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi rahbari Artiqali Husanov. — Aslida u xalq ozodligi kurashchisidir. Afsuski, biz bugungi tarix sahifalarida ham uning shaxsini ochiqlab bera olganimiz yoʻq. Jamoat fondimiz tomonidan bu boradagi maʼlumotlarni ilmiy tarzda asoslab berishga harakat qilinmoqda.
Tan olish kerak, Oʻzbekiston tarixi haqiqatni ifoda etuvchi yangi sahifalarga muhtoj. Buning uchun respublikamizda ham shu kabi ilmiy anjumanlarni tashkil etish maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring