Dronlardan foydalanish qishloq xoʻjaligida samaradorlikni yanada oshiradi
Soʻnggi yillarda dunyoning koʻpchilik davlatlari singari mamlakatimizda ham suv resurslarini tejash, shu yoʻnalishda zamonaviy texnika va texnologiyalarni keng qoʻllashga davlat miqyosida katta eʼtibor qaratilmoqda. Agar 2017-yilda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi atigi 19 ming gektar maydonda qoʻllanilgan boʻlsa, 2025-yilga kelib uning qamrovi 2,6 million gektarga yetdi. Kechagina qimmat, sarflangan pulni oqlamaydi, ana ariqda suv bemalol, ortiqcha tashvishga toqatim yoʻq, deb yurgan fermerlarning oʻzlari bugun tomchilatib sugʻorish tizimini koʻproq maydonlarda qoʻllashga intilmoqda.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga koʻra, 2028-yilgacha tomchilatib va boshqa tejamkor sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan maydonlarni 3,5 million gektarga yetkazish moʻljallangan va bu jami sugʻoriladigan yerlarning qariyb 80 foizi demakdir. Bu yangi texnologiya oʻz navbatida dalaga ishlov berish borasidagi qarashlaru usullarni ham butkul oʻzgartirishi tayin. Gap qishloq xoʻjaligida dronlardan keng foydalanish haqida bormoqda.
—Dron — tom maʼnoda moʻjiza. Uning yordamida paykalning holatini havodan monitoring qilish, ayrim xizmatlarni oldingidek — oʻsimlikni payhon qilib traktorda emas, balki ekinga ziyon yetkazmasdan muallaq holatda amalga oshirish mumkin, —deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish va maʼlumotlarni tahlil qilish boʻlimi boshligʻi Saʼdulla Zaynabudinov. —Ushbu texnologiya fermerlarga mahsulot yetishtirishda tezkor va ishonchli qarorlar qabul qilish, resurslarni tejash, xarajat va chiqindilarni kamaytirish, eng muhimi tuproq unumdorligini oshirish imkonini beradi. Shveysariya, Niderlandiya, Germaniya, Shvetsiya, Xitoy, AQSH, Yaponiya singari davlatlar turli rusumli dronlarni ishlab chiqargan holda bu texnikalardan samarali foydalanishga allaqachon oʻtishgan. Mazkur qurilmalar kartografiya sohasida, xususan yerlarning ortofotoplanini tuzish, aerofotosuratlar olishda ham juda qoʻl keladi. Buning natijasida hududlarning 3D modeli yaratiladi.
Mutaxassislarning eʼtirof etishicha, Prezidentimizning 2021-yil 24-fevraldagi PQ-5006-son qarori respublikamizning agrar tarmogʻida dronlardan keng foydalanishga turtki berdi. Oʻsha yilning oʻzidayoq Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan 3 xil maqsadda, yaʼni kartografiya, monitoring hamda agrotexnik tadbirlar (oʻgʻit, urugʻ va dori vositalarini sepish) uchun jami 9 dona dronlar xarid qilinib, tajriba sifatida qoʻllash yoʻlga qoʻyildi.
Monitoring dronlari oʻz nomiga mos boʻlib yerlar va ekinlarning holatini, oʻsimlik va tuproqdagi namlik miqdorini, ozuqa elementlari bilan taʼminlanganlik darajasini, kasallik va zararkunandalarning mavjudligini aniqlashga xizmat qiladi.
PIX4D dasturiy taʼminoti fonida differensial normalar(VRA)ni qoʻllash dronni samarali boshqarishda katta qulaylik yaratadi. Buni fermerning oʻzi yo uning ishchisi ham uddalay oladi. Faqat maʼlum muddat maxsus kursda oʻqish va tajriba orttirish lozim xolos. Yil sayin qishloq xoʻjaligi tizimida agro(sprey) dronlarning xizmatiga boʻlgan talab oshmoqda. Bu texnikalar koʻmagida kichik urugʻlardan tortib suyuq va qattiq koʻrinishdagi oʻgʻitlarni sepish, oʻsimlikning kasallik va hasharotlariga qarshi kimyoviy va biologik ishlovni qoʻllash mumkin.
—Oʻtgan yil vazirlik tomonidan jami 100 ta (50 ta monitoring va 50 ta sprey) dronlar xarid qilindi va bu texnikalar Xitoy texnologiyasiga koʻra chigit ekilgan 10 ming gektardan ziyod paxta maydonlarida yuqori natija koʻrsatdi. – deydi Prezidentimizning 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-son Farmoniga asosan vazirlik tizimida tashkil etilgan “DRONE SERVICE” korxonasi rahbari N. Oʻrinov. —Bundan tashqari, DJI kompaniyasidan 40 ta “T100” va 10 ta “T70” rusumli agrodronlarni ham xarid qildik. Shuningdek, DJI akademiyasida mutaxassislarni oʻqitishni ham yoʻlga qoʻydik.
N. Oʻrinovning soʻzlariga qaraganda agrodronlar qimmat, oʻrtacha 35 ming dollardan baland, ammo bugun yurtimiz dalalarida xorijning 100-150 ming dollardan baland narxdagi traktorlari ishlayotganini eʼtiborga oladigan boʻlsak, zamonaviy uskunaning narxi koʻpam yuqori koʻrinmaydi. Qolaversa agrodron yordamida 1 gektarlik ekinzorni birgina defolyatsiya yoki desikatsiya qilish tadbiri misolida traktor bilan solishtirsak suv 10 baravarga, yonilgʻi 5 barobarga kam sarflanishi ayon boʻladi. Ustiga ustak bu agrotexnik tadbir 10 karra tez bajariladi va (traktor ishlatilganda ekinning bir qismi gʻildiraklar ostida ezilib nobud boʻladi) gʻalvir suvdan koʻtarilgan chogʻ hosildorlik 20 foizgacha oshadi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotiga koʻra, joriy yil Respublikamiz boʻyicha 300 ming gektar ( jami paxtazorning 34 foizi) maydonda Shinjon agrotexnologiyasi asosida paxta yetishtiriladi. Bu paykallarga traktorlar va turli mexanizmlar bilan ishlov berishning imkoniyati cheklangan. Chunki sugʻorish va oziqlantirish qoʻshqatorlar orasidagi quvurlar koʻmagida amalga oshiriladi. Traktorni dalaga kiritish tizimni butkul buzib yuboradi. Demak fermer uchun eng maqbul yoʻl dronni qoʻllash.
—Shunga mos ravishda barcha imkoniyatlarni toʻliq ishga solishga, mutaxassislar malakasini oshirish koʻlamini yanada kengaytirishga astoydil bel bogʻlaganmiz, — deydi “DRONE SERVICE” rahbari. — Hozirdanoq qaysi mutaxassis qaysi hududda faoliyat olib boradi, barchasini aniqlab qoʻydik. Shinjon agrotexnologiyasi asosidagi paxta maydonlarini toʻliq qamrab olish uchun jami 120 dan ortiq soʻnggi rusumdagi agrodronlar va 50 dan ortiq mobil dronkomplekslari xizmatga shay turibdi. Menimcha, kelgusida yurtimizda ham importdan toʻliq voz kechgan holda oʻzbek dronlarini ishlab chiqarishga kirishiladi. Yirik tadbirkorlarda shunday istak bor, ilmiy muhandislik salohiyatimiz, texnik imkoniyatlarimiz ham xorijnikidan aslo kam emas. Muhimi agrodronlarga boʻlgan talab kundan kunga oshmoqda. Fermerlarni qoʻyaturing, katta bir qishloq ahli uchun ham kelgusida tomorqadagi hosilga ishlov berish maqsadida dron sotib olish foydali boʻlishi tayin. Agar biror tadbirkor shunday xizmatni tashkil etsa, 200-300dan ortiq tomorqa egalari yashayotgan mahalla ahli dronservisga eʼtibor qaratishi tayin. Respublikamizning choʻl hududlarida yashovchi choʻpon-choʻliqlariga ham dronlar kerak, juda kerak. Demak bu uskunaga ehtiyoj katta. Dronlarni mahalliylashtirish tezroq roʻyobga chiqsa uskunaning narxiyu ishlov berish xarajati kam keskin pasayadi. Bu davlatimiz rahbari niyat qilganlaridek qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsiyalar yuqori samara berdi, fermerning mushkuli oson boʻldi, daromadi keskin oshdi deganidir.
Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring