Dorixona xodimining xarid qilingan dorini qaytarib olmasligi va almashtirib berilmasligi toʻgʻrimi? — dolzarb savollarga aniq javoblar
Bugun AOKAda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Qizlarxon Begmatova ishtirokida brifing oʻtkazildi.
Brifingda dori-darmon savdosi va aptekalar faoliyatiga oid savollarga javob qaytarildi.
Savol: Davlat roʻyxatidan oʻtgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning sifatsiz, belgilangan talablarga nomuvofiq ishlab chiqarilgan, nuqsonli holatlariga duch kelganda kimga va qayerga murojaat qilish kerak?
Javob: Agar siz davlat roʻyxatidan oʻtgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning sifatsiz, belgilangan talablarga nomuvofiq ishlab chiqarilgan, nuqsonli holatlariga duch kelsangiz, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining @uzpharmagency_bot aloqa botiga yoki (71) 2340604 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.
Maʼlumot oʻrnida, anonim (muallif ismi, sharifi, yashash joyi koʻrsatilmagan yoki soxta boʻlgan) murojaatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida” Qonuniga asosan koʻrib chiqilmaydi.
Savol: Dorixona xodimining xarid qilingan dorini qaytarib olmasligi va almashtirib berilmasligi toʻgʻrimi?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan (2 ilovasi) - Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish qoidalarining 39-bandiga koʻra dorixonalardan realizatsiya qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar qaytarib olinmaydi va shunga oʻxshash dori vositalari va tibbiy buyumlarga almashtirilmaydi.
Savol: Dorixona xodimi dori vositasini donalab sotishni rad etdi. Bu toʻgʻrimi?
Javob: VazirlarMahkamasining “Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 30-bandiga muvofiq, dori vositasini donalab sotishga ruxsat etiladi.
Bunda joylash-oʻrash materialida dori-vositasining:
✔️nomi,
✔️seriyasi,
✔️yaroqlilik muddati
✔️va ishlab chiqaruvchisi koʻrsatilishi kerak.
Dori vositasini birlamchi oʻrami buzilgan holda berish taqiqlanadi.
Savol: Baʼzi dori qutilarini ustida GMP yozuvini koʻramiz. Bu nimani anglatadi?
Javob: GMP - Good Manufacturing Practice - Zarur ishlab chiqarish amaliyoti degan maʼnoni anglatadi.
Bugungi kunda aksariyat rivojlangan davlatlarda GMP sifat standarti - dori vositalari, vitaminlar, minerallar va oziq-ovqat qoʻshimchalarini ishlab chiqarishda davlat nazoratining asosi sifatida qabul qilingan.
Bunday mamlakatlarda milliy standartlar GMPning asosiy tamoyillari asosida ishlab chiqilgan, shuningdek, ishlab chiqarilishi GMP standartiga toʻgʻri kelmaydigan dori vositalarini olib kirish taqiqlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring