Dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.
Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Yaʼni, Sogʻliqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi hamda dori moddalari (substansiyalar)ni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid normani bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Chunki bugungi kunda dori vositalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan xalqaro standartlar (GMP) va sifat nazoratiga qoʻyilgan talablar doirasida substansiyalarni nazorat qilishning alternativ mexanizmlari joriy etilgan.
Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida deputatlar bergan taklif va tavsiyalar asosida qonun loyihasi takomillashtirildi. Xususan, amaliyotdan kelib chiqib, qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi qonun loyihasida oʻz aksini topmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring