Dolzarb qonun loyihalari muhokama qilindi

09:19 02 May 2023 Siyosat
622 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyacining yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizgʻin kechdi.

Taʼkidlanganidek, hozirgi vaqtda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 34 mingdan ortiq boshlangʻich tashkilotlar samarali faoliyat koʻrsatib, soha boʻyicha 6 ming 700 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona xizmat qilmoqda.

Mamlakatimiz kasaba uyushmalari oʻz saflarida 5,5 milliondan ziyod xodimlarni birlashtirgan eng yirik jamoat tashkiloti hisoblanadi. Uning aʼzolari soni doimiy tarzda koʻpayib bormoqda. Shu bois, har yili 11-noyabr ‒ Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni respublikamizning barcha ishchi-xodimlari tomonidan muhim sana sifatida keng nishonlanadi.

Lekin amaldagi qonunlarda 11-noyabr sanasi ishlanmaydigan bayram kuni sifatida eʼtirof etilmagan. Shuningdek, bayram tadbirlarini oʻtkazishni tashkil etish hamda xodimlarni ragʻbatlantirish choralarini koʻrish mexanizmlari belgilanmagan.

Mazkur qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga 11-noyabrni ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qoʻshishga qaratilgan qoʻshimcha kiritilmoqda.

Fraksiya aʼzolari ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini taʼminlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qililishini eʼtiborga olib, uni qoʻllab-quvvatladilar.

Shundan soʻng, pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bogʻliq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan “Pedagog xodimning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Muhokamalar chogʻida deputatlar mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bilan pedagog xodimlarning jamiyatdagi nufuzi oshishini aytib, hujjat yuzasidan oʻz takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Har jihatdan mukammal qonunlar, eng avvalo, inson manfaatlarini taʼminlash, mamlakatni izchil taraqqiy toptirish, iqtisodiy barqarorlikni kafolatlashga xizmat qiladi, — deydi Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyaci aʼzosi Dilmurod Ismoilov. — Shu sababli biz qonun loyihasini muhokama qilish chogʻida bu masalaga alohida eʼtibor qaratdik. Fraksiyamiz aʼzolari tomonidan ilgari surilgan bir qator takliflar inobatga olinib, qonun loyihasida oʻz aksini topadigan boʻldi.

Yigʻilishda shuningdek, bir qator qonun loyihalari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib qizgʻin muhokama qilinib, deputatlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер