DXRda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti xodimi josuslikda gumonlanib hibsga olinganini maʼlum qildi
Arxiv surat
Donesk xalq respublikasida (DXR) Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) xodimi Ukraina fuqarosi hibsga olingan. DXR Davlat xavfsizlik vazirligi maʼlumotlariga koʻra, YEXHT Maxsus monitoring missiyasi xodimi boʻlgan ushbu fuqaro josuslik qilib, xorijiy razvedka uchun maʼlumot yigʻish bilan shugʻullangan. Bu haqda respublika hududiy mudofaa shtabi tomonidan maʼlum qilindi.
«DXR Davlat xavfsizlik vazirligi YEXHT Maxsus monitoring missiyasi xodimi, xavfsizlik masalalari boʻyicha yordamchisi, 1967-yilda tugʻilgan Ukraina fuqarosi Golda Vadim Nikolayevichni qoʻlga oldi. U YEXHT ofitseri Aman Axmedzyanovning topshirigʻiga koʻra xorijiy razvedka uchun DXR xalq militsiyasi harbiy xizmatchilarining joylashuvi va ishlab chiqarish obyektlari, shu jumladan davlat hamda mudofaa maqsadlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni toʻplagan va uzatgan», deyiladi shtabning «Telegram» kanalidagi axborotda.
Shtabning qoʻshimcha qilishicha, qoʻlga olingan shaxsga nisbatan josuslik moddasi boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan.
Hozircha ushbu axborotga YEXHT tomonidan hech qanday izoh berilmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring