DXX Fargʻonada 4,5 kg gashish moddasini musodara qildi, Navoiyda esa narkolaboratoriya fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda bir necha kilogramm “gashish” va narkolaboratoriya faoliyati fosh etildi.
DXXning Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamkorligida Fargʻona shahrida maxsus amaliyot oʻtkazildi. Tadbir davomida 1989-yilda tugʻilgan mahalliy fuqaroning sumkasi xolislar ishtirokida tekshirilganda, ichida 4 kg 463 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi.
Surishtiruv davomida ushbu jinoyatga uning 1990-yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan ukasi ham aloqador ekani maʼlum boʻlib, u ham protsessual tartibda ushlandi. Maʼlum boʻlishicha, aka-ukalar Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan ushbu zahri qotilni Fargʻona viloyati hududida sotishni rejalashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Navoiy shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 2000-yilda tugʻilgan fuqaro toʻxtatilib tekshirilganda, yonidan 8 ta ampulada gashish moyi va 10 dona folgaga oʻralgan gashish topildi.
Tezkor qidiruv ishlari uning yashash xonadonida davom ettirilganda, fuqaro uyini narkolaboratoriyaga aylantirgani fosh boʻldi. Xonadondan 34 dona izolentaga oʻralgan gashish, 63 ta ampula va 2 ta shprisdagi gashish moyi, yana 640 gr gashish moyi va 2 gr qoʻlbola gashish, tarozi, shprislar va qadoqlash vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ushbu shaxsga nisbatan JKning 273-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring