Dilorom opaning kutubxonasi
Foto: Xalq so‘zi
“Kitobni olovda yoqishdan ham yomonroq jinoyat bor. Misol uchun uni oʻqimaslik...” Bu Amerikalik fantast yozuvchi Rey Bredberining gapi. Buni men Toshkent shahridagi Olmazor tumani Yangi Sebzor mahallasidagi kutubxonaga borganimda Dilorom opa Hamdamovadan eshitdim. Eshitdimu kutubxonachi opaning oʻzi eng saviyali kitobxon ekanidan quvonib ketdim. Chunki yuqorida keltirilgan mashhur ibora Rey Bredberining»Farengeyt boʻyicha 451 daraja» nomli asaridan olingan.
Dilorom opa naq 42 yil Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida ishlab, koʻplab koʻrsatuvlarni olib bordi. Ayniqsa, uning muallifligidagi “Onalar maktabi” koʻrsatuvi el aro mashhur boʻlib ketgan edi. Tinib-tinchimas bu ayolda nafaqaga chiqqach, oʻzi istiqomat qilayotgan Toshkent shahridagi Yangi Sebzor mahallasida – “dom”lar orasida kutubxona ochish niyati tugʻildi. Qanchadan-qancha onalar, keksalar, yosh-yalang “dom” yonida bekorchilikdan vaqtini behuda oʻtkazadi. Yoki ayollar bir-biri bilan soatlab, gaplashib oʻtirishadi. “Agar kutubxona ochsam, ular badiiy adabiyot olamiga kirib, yuksak maʼnaviyatli farzandlar tarbiyalaydi”, deb fikr yuritdi. U adashmagan edi, ammo...
— Ey, Dilorom opa-yey, hozir kim ham kitob oʻqiydi, deysiz, ayollarning roʻzgʻordan qoʻli boʻshamaydi, yoshlar esa kunu tun telefonga termulgani termulgan, — deya uning tashabbusini boʻgʻmoqchi boʻldi bir qoʻshni ayol. — Kutubxona emas, savdo doʻkoni ochsangiz, choʻntagingiz toʻla jaraq-jaraq pul boʻladi. Puli bor odam kuchli boʻladi...
Dilorom opa oʻsha ayolga nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladiyu, oʻzini tiydi, unga gapirgan bilan foydasi yoʻq. Uning ustiga opa ikki kishi oʻrtasida janjal chiqsa, aqllirogʻi aybdordir, degan hikmatga amal qiladi. Vaholanki, puli koʻp odamdan koʻra, kitob oʻqigan, badiiy saviyasi yuksak odamni ming chandon boy deb hisoblaydi opa va u haq. Quvonarlisi, opaning tashabbusini mahalla mutasaddilari astoydil qoʻllab-quvvatlashdi va Olmazor tumani hokimligi koʻmagi bilan kutubxona qad rostladi. Mahalla mutasadddilari yeng shimarib, ishga kirishdi. Kitob javonlari olib kelishdi, bitmay qolgan kam-koʻstni toʻldirishdi. Kitoblar keltirishdi. Dilorom opa ham uyidagi deyarli hamma kitoblarini kutubxonaga hadya qildi. Hozir mahalla kutubxona fondi 2 mingta badiiy adabiyot bilan boyitilgan. Bu kitoblarning koʻpi Dilorom opaning shaxsiy ulushidir.
— Shu kitoblarning hammasini oʻqib chiqqanmisiz? — soʻrayman D. Hamdamovadan hayratimni yashira olmay.
— Hammasini boʻlmasayam, bir qismini mutolaa qilganman, — deydi opa. — Kitobxonlik menga onam Anisa ayadan oʻtgan. Onam 4 bolani ulgʻaytirganida bir qoʻli beshikda, ikkinchi qoʻli kitobda boʻlgan. Ilgari Toshkent shahridagi Chigʻatoy darvoza hududida kutubxona boʻlardi. Onamning shu kutubxonadan oyogʻi uzilmasdi. Albatta, ona kitobxon boʻlsa, farzandlarga ham oʻtar ekan. Onam kitobdan bosh koʻtarmay, ToshMIga oʻqishga kirdilar, vrach boʻlib, uzoq yillar elning xizmatida boʻldilar. Onamdan oʻtgan kitobxonlik 4 farzandni ham badiiy adabiyotga oshno qildi. Shuning uchun ham men mahallada kutubxona ochishni niyat qilgandim. Bugungi onalar kitob oʻqisa, albatta, farzandlar ham oʻqiydi, degan fikrda qatʼiyman.
Moʻjazgina mahalla kututbxonasi... Bu dargoh menga juda qadrdon boʻlib tuyuldi. U nimasi bilandir meni oʻziga tortardi. Shinam javonlarda savlat toʻkib turgan jahon va oʻzbek adabiyotining durdona asarlari bugun Yangi Sebzor mahallasi ahlining maʼnaviy mulkiga aylangan. Dilorom opa esa keksayganida ishli boʻlganiga yoki bir ermak topilgani uchun emas, mahalladoshlari maʼnaviyati yuksalayotganiga, onalar, bolalar kitob oʻqiyotgani uchun quvonadi. Rosti, bu yerda har kuni tadbir uyushtiriladi. Bir kun tibbiyot xodimlari kelsa, ertasi kuni maktab, keyin bogʻcha, undan keyin nuroniylar, onalar, yoshlar, qoʻyingki, Dilorom opaning tadbirlar taqvimi juda tigʻiz, biror boʻsh kun yoʻq.
Mahalla raisi boʻsh vaqt topdi deguncha, kutubxonaga shoshadi, tadbirlarda qatnashadi. Yoshlar bilan savol-javob qiladi. Ammo kutubxonachi opa anoyi emas. Bugungi kunda mahalla kutubxonasida 500 nafardan ziyod kitobxon muntazam mutolaa qilishi qayd etilgan boʻlsa, kitob olib, uni qayta topshirayotganda Dilorom opaning imtihonidan oʻtadi. Hatto oʻqituvchidan tortib, mahalla mutasaddilari ham kitobni topshirayotgan paytda kututbxonachiga asar mazmunini gapirib berishi kerak. Yoʻqsa, opa uni kitobni oʻqigan deb hisoblamaydi.
Opa “Dunyoda vrach xato qilishi mumkin emas, oʻqituvchi xatosi ham kechirilmaydi. Xuddi shunday, kutubxonachining ham xato qilishga haqqi yoʻq, deydi. Kutubxonachi millatni, oʻzlikni tarbiyalaydi, vatanparvarlikdek ulugʻvor tuygʻularni joʻsh urdiradi”, deydi ishonch bilan. U bilan suhbatlashyapmanu xayolimda “Qaniydi, hamma mahallalarda kutubxona ochilsayu unda Dilorom opa kabi oʻzi kitobxon boʻlgan kutubxonachilar ishlasa”, degan oʻy kechadi. Tan olish kerak, opaning har bir soʻzi oʻgit, har bir soʻzi maʼnolar xazinasi. Oʻzim ham shu suhbat asnosida koʻp narsani oʻrgandim, his qildim. Tagʻinchi, ishonasizmi, yoʻqmi, uzoq yillardan buyon qidirib yurganim – bir “xazina”ni shu mahalla kututbxonasidan topdim. U Bendjamin Franklin qalamiga mansub “Vaqt - bu pul” asari edi. Binobarin, Franklinning “Menga ayting va men unutaman. Menga oʻrgating va eslayman. Meni jalb qiling, men buni bilib olaman” degan hikmati hayotimizda bugun ham asqatadi.
Bugun kitob oʻquvchilar koʻp, ammo kitob oʻqishni Dilorom opa kabi targʻib qiluvchilar kamda! Qaniydi, hamma keksalar ham shu onaxondan andoza olishsa, deyman. Aytmoqchi, Dilorom opa kimnidir qoʻlida kitob koʻrsa, u bilan tez til topishadi, yaqin oʻrtoq boʻlib qoladi.
Bir gal Dilorom opa bir bank boshqaruvchisi stoli ustida Jaloliddin Rumiy asarlarini koʻrib, «Ukajon, oʻzimizdan ekansizku! Rumiyni oʻqyapsizmi?» deb quvonib ketibdi. Ular bir zumda qadrdonlarday boʻlib qolishibdi. Chunki Rumiyning «Ichindagi ichindadur» asarini oʻqigan kitobxon inson va olam, ong va borliq, inkor va isbot, xayol va amal, surat va siyrat singari falsafiy tushunchalarning asl mohiyatini anglaydi.Hamma narsa oʻzingizda, hamma narsa oʻzingizdan ekanligiga yana bir bor iymon keltirasiz. Axir Mavlono “Yo, asling kabi koʻrin, yo, koʻringaning kabi boʻl” deb bejiz aytmagan. Kitob oʻqigan odamning asl qiyofasini bir ogʻiz gapidan anglab olish qiyin emasligini Dilorom opa bot-bot takrorlaydi
Oʻsha kuni ishga “qulogʻim”gacha botib turgan edim, Dilorom opa qoʻngʻiroq qilib qoldi. Telefondagi suhbat anchagina choʻzilsada, men uni tugashini istamasdim. Opa Lev Tolstoyning «Anna Karenina» asarini oʻqiyotganini aytdi.
— Bu asarni yoshligimda oʻqigan edim, — deydi Dilorom opa. — Ammo yoshlikda oʻqigan bilan ulgʻayganda oʻqiganingda katta farq bor ekan. Bugun bu asarni xuddi qayta kashf qilganday boʻlyapman.
Ha, shunday mukammal asarlar boʻladiki, uning magʻzini chaqish uchun ancha yillar ham kifoya qilmaydi. Masalan, men ham Lev Tolstoyning “Odamlar hamma narsadan ham koʻra insofni noinsoflikdan ajratishda bir umr adashgan va bundan keyin ham adashadi”, degan gapini oʻqiganimda ilgari parvo qilmagan boʻlsam, bugun yozuvchi haq ekanini anglab yetyapman.
Aytmoqchi, menga uzoq-yaqindan qoʻngʻiroqlar boʻlib turadi. Ammo bitta qoʻngʻiroqni intizorlik bilan kutaman va shu qoʻngʻiroq orqali oʻzim uchun opamday qadrdon boʻlib qolgan onaxonning soʻzlarini jon qulogʻim bilan tinglayman:“...bu asar, avvalo, inson haqida — siz haqingizda, men haqimda, umuman, hammamiz haqimizda. Bizning oʻzligimizni bilishimiz haqida»...
Va anglab yetamanki, bu qoʻngʻiroq mahalla kutubxonachisidan, Dilorom opadan. Koshki edi, hamma mahalla kutubxonalaridan ham shunday qoʻngʻiroqlar kelib tursa...
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring