Dilmurod Nabiyev: Prezidentimiz Murojaatnomasi bizga muhim dasturilamal boʻladi

17:41 28 Dekabr 2018 Sport
2767 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz Murojaatnomasida jamiyatda sogʻlom turmush tarzi va sportni yanada ommalashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Jumladan, mamlakatimizda sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga bundan buyon ham katta ahamiyat berishni, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirish maqsadida eng chekka tumanlarda ham bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini tashkil etish kerakligini muhim vazifa etib belgiladi.

Shuningdek, Murojaatnomada 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, mamlakatimizda qishki sport turlari boʻyicha xalqaro talablar darajasida sportchilar tayyorlashning samarali tizimini yaratish masalasining dolzarbligini alohida taʼkidladi.

Poytaxtimizda barpo etilayotgan “Humo” muz sporti saroyi, shuningdek, yaqinda Toshkent viloyatining Amirsoy dam olish maskanida ishga tushiriladigan zamonaviy majmua mazkur maqsadlarga xizmat qiladi.

Shuningdek, Prezidentimiz kelgusida yozgi Osiyo oʻyinlaridan biriga mezbonlik qilish boʻyicha istiqbolli reja ishlab chiqishni boshlashimiz kerak, deya alohida toʻxtalib oʻtdi. Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yurtimizda yirik nufuzli xalqaro kompleks musobaqalar oʻtkazilishiga erishish, xususan mamlakatimizda 2030 yilgi yozgi Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qilishga shart-sharoit yaratish boʻyicha oʻz oldiga muhim vazifalar belgilab oldi.

Aslida, nufuzli musobaqalarni oʻtkazishdan avval, Osiyo oʻyinlarining oʻtkazilish tarixi, bu borada yuqori tajribaga ega davlatlar yutuqlari, oʻyinlarni oʻtkazadigan mamlakatga qoʻyiladigan asosiy talablar, musobaqalarni oʻtkazish uchun zarur infrastrukturalarni oʻrganish zarur.

Prezidentimiz tomonidan berilgan ushbu topshiriqlarni bajarish uchun kelgusida barcha imkoniyatlar ishga solinishi lozim.

Nufuzli xalqaro kompleks musobaqalar oʻtkazish maqsadida respublikadagi mavjud sport inshootlari, logistika, transport va mehmonxona infratuzilmalari quvvatlarini tahlil qilish va chet el tajribasini oʻrganish asosida munosib sport infratuzilmasini yaratish masalalari yuzasidan hukumatga takliflar kiritiladi. Ushbu musobaqalar uchun quriladigan inshootlar xalqimizga uzoq yil samarali xizmat qilishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan eng chekka tumanlarda ham bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini qurish vazifasi qoʻyildi. Ushbu sport inshootlarini qurishda mahalliy sharoitni inobatga olgan holda, yangi texnologiyalar va yengil konstruksiyalar asosida loyihalashtirish rejalashtirilgan.

Yangi quriladigan inshootlarda tarbiyalanuvchi boʻlgʻusi chempionlarga barcha qulayliklar yaratiladi. Ushbu inshootlar jahon standartlariga toʻla javob bera oladigan, yurtimizda ishlab chiqariladigan sport inventarlari bilan jihozlanadi.

Bugungi kunda vazirlik tomonidan yurtimizda qishki sport turlarini rivojlantirish maqsadida Rossiya va Belarus davlatlari tajribasini oʻrganish va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, Oʻzbekistonda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali hamda Belarus davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma fakultet tashkil etilmoqda. Bundan tashqari sportchilarimizga ushbu davlatlardagi sport inshootlarida shugʻullanish va tajriba orttirish imkoniyati yaratiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi kelasi yilda biz uchun qilinishi lozim boʻlgan ishlar uchun muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Dilmurod NABIYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер