Dildan dilga koʻchgan shukronalik
Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida xalq manfaatlariga qaratilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bunda ayniqsa, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, kelajagimiz egalari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan besh tashabbusning oʻrni va ahamiyati kattadir. Ushbu islohotlarning mazmun –mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazish maqsadida respublikamiz boʻyicha «mahallabay» shaklda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari oʻtkazishga kirishildi. Joylarda tashkil etiladigan uchrashuv va muloqotlarda aholini yurtimizda va dunyoda boʻlayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan xabardor qilish, islohot va oʻzgarishlar natijalarini jamoatchilikka yetkazish, fuqarolar kayfiyatini koʻtarish, har bir kishida Vatan ravnaqi yoʻlidagi ezgu ishlarga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlash singari dolzarb vazifalar ustuvor qilib qoʻyilgan.

Bugun butun mamlakatimiz boʻyicha start olgan «Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash» shiori ostidagi targʻibot tadbirlari Namanganda ham uyushqoqlik bilan boshlandi. Oʻn kun davomida viloyatdagi mavjud 775 ta mahalla maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bilan qamrab olinib, aholining ilm-fan vakillari, taniqli madaniyat arboblari, yozuvchi va shoirlar, el suygan xonandalar bilan uchrashuvlari, konsertlar, kitobxonlik kechalari, turli koʻrgazmalar tashkil etiladi. Ayni maqsadda tuzilgan guruhlar tarkibiga poytaxtdan tashrif buyurgan, shuningdek, viloyatdagi olim va ijodkorlar kiritilgan. Ular orasida Toshkentdagi bir qator oliy oʻquv yurtlarining taniqli professor oʻqituvchilari ham boʻlib, tadbir ishtirokchilari huzurida turli mavzudagi maʼruzalar bilan chiqadilar. Taniqli sanʼatkorlar - Oʻzbekiston Xalq artisti Mirza Azizov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Alisher Turdiyev, “Nihol” mukofoti sovrindori Gulasal Abdullayeva, oʻzbek milliy akademik drama teatri aktyori Hamid Toshpoʻlatov bilan yuzma-yuz uchrashuvlar koʻngilochar tadbirlarga oʻzgacha mazmun bagʻishlaydi.
— Oʻzbekistonda boʻlayotgan oʻzgarishlar bizning hududimizni ham chetlab oʻtgani yoʻq,-deydi Namangan tumanidagi Tepa Qiyot mahalla fuqarolar yigʻini raisi Shuhrat Nazarov. –Bu, jumladan, mahalla obodligi, tadbirkorlik harakatidagi oʻsishlar, farzandlarimiz kamoli, fuqarolar ongining yuksalib borayotganida namoyon boʻladi. Bugungi tadbirga yigʻilgan 250 nafardan ziyod mahalladoshimiz Namangan muhandislik texnologiya instituti professori Shoira Misirovaning mazmunli maʼruzasi orqali yurtimizdagi islohotlarning borishidan yana-da chuqurroq boxabar boʻldi. Shundan soʻng farzandlari oliy oʻquv yurtiga kirgan bir qator ota-onalar, nufuzli sport musobaqalari gʻolibi boʻlgan yoshlar, besh tashabbus harakatining faol ishtirokchilariga tuman hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi. Hunarmandlar koʻrgazmasi, sport oʻyinlari uyushtirildi. Sanʼatkorlarning kuy va qoʻshiqlaridan koʻngillar yayradi.
Dastlabki kuni viloyat tumanlaridagi 85 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududida tashkil etilgan targʻibot tadbirlari ishtirokchilar uchun mazmunga boy, zavqli onlarni hadya etdi. Yurt taraqqiyoti yoʻlidagi yutuqlardan shukronalik tuygʻusi dildan dilga koʻchdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring