Diktant yozish mahorati sinovdan oʻtkazildi
21-oktabr — Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan turli vazirlik va idoralarda, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda koʻrik-tanlovlar tashkil etildi.
Ana shunday tadbirlardan biri — Namangan toʻqimachilik sanoati institutida ham oʻtkazildi. Talaba-yoshlar oʻrtasida ona tilimizga boʻlgan hurmat va ehtirom tuygʻularini shakllantirishga qaratilgan ushbu tanlovda oliy taʼlim muassasasidagi mavjud uchta fakultetning 43 ta akademik guruhda gʻolib boʻlgan 50 dan ziyod yigit-qizlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar tanlov orqali diktant yozish mahoratlarini sinovdan oʻtkazdi.
Yakunda diktantni adabiy til meʼyorlariga qatʼiy amal qilib, husnixat bilan yozgan va yuqori natijalarni qayd etgan yoshlarga institut rektorining faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
— Bu kabi tanlovlar biz talabalarning darsdan keyingi boʻsh vaqtimizni mazmunli tashkil etish, oʻz ustimizda ishlashimiz uchun xizmat qiladi, — deydi 1-bosqich talabasi, mazkur tanlov gʻolibasi Ruxshona Adhamova. — Bugun biz “Tinchlik ulugʻ neʼmat!” mavzuida diktant yozdik. Ochigʻi, juda quvondim. Nega deganda, bugungi globallashuv zamonida tengdoshlarimiz orasida oʻzbek tili, savodxonlik, tilga eʼtibor masalasi har qachongidan muhimroqdir. Bunday tanlovlarni nafaqat til bayrami oldidan, balki doimiy oʻtkazish maqsadga muvofiq. Zero, ona tilimiz biz uchun muqaddas va hech qanday boylik yoki manfaat undan ustun boʻlolmaydi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring