"Digital Namangan"ning Germaniya bilan hamkorlik istiqbollari

08:56 14 Sentyabr 2022 Jamiyat
536 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugungi kunda Namangan viloyatida 14 ta IT park rezidentlari, ikkita BPO, bundan tashqari 30 dan ortiq IT kompaniyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Ayni sohani yanada rivojlantirish maqsadida Uzbekistan Digital Inclusion loyihasi bilan viloyatda yangi BPO markazlar tashkil etish, bu orqali ish oʻrinlar yaratish ishlari boshlangan. Xalqaro hamkorlik aloqalari ham tobora kengaymoqda.

— Sizlarda axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisi, meni hayratga soldi, —deydi shu kunlarda viloyatda xizmat safari bilan boʻlib turgan germaniyalik hamkor Filipp Aleksandr. — Namanganni bu borada respublikada yetakchilardan ekanligi haqida eshitgandim, lekin hamkorlik uchun sharoit va imkoniyatlar bunchalik deb oʻylamagandim. Biz ikki kun davomida viloyat elektron hokimiyatni rivojlantirish markazi bilan yangi loyihalar ustida ishladik. Hamkorlik obyekt va subyektlari bilan tanishdik. Endi bemalol amaliy ishga kirishsak boʻladi.

Germaniya va Namangan IT kompaniyalarining birgalikda amalga oshirayotgan loyihalar ikki tomonlama manfaatlar borasida yangi yoʻnalishlar ochishiga katta umid bildirilmoqda.

—  Hamkorlikdagi ishlarimiz ikki bosqichda amalga oshiriladi, — deydi Namangan viloyat elektron hokimiyatni rivojlantirish markazi rahbari Baxtiyor Axunbabayev. — Birinchi navbatda nemis tilini biluvchi mahalliy yoshlar bilan maxsus kurslar tashkil etilib, ularga kasbiy koʻnikmalar beriladi. Keyin esa Germaniya kompaniyalari bilan ishlovchi BPO markazlar tashkil etiladi. Bundan tashqari IT eksporti boʻyicha ham ish tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Germaniyalik mutaxassislar safar davomida IT-Park Namangan viloyati filiali, IT-School, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Yangiqoʻrgʻon texnikumi va SiteLabs kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Qudratilla Najmiddinov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер