Deputatlar «tungi rejim»ning vaqtini aniqlashtirdi. Qonun loyihasi jarimalarni oshirishni ham nazarda tutadi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Loyiha bilan aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilishning asosiy prinsiplari, atrof tabiiy muhitga shovqin orqali zararli taʼsir koʻrsatganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari, aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilab qoʻyilmoqda.
Qonun loyihasiga koʻra, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qatʼiy roʻyxati, shuningdek, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqtlar oraligʻi belgilanadi.
Maʼlum qilinishicha, tungi vaqtda (sutkaning soat 23:00 dan 06:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida), shuningdek, dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari (soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oraligʻida) fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi tasdiqlansa, bunday holat qayd etilganda fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, amalda mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori fuqarolarga – 113 ming soʻm, mansabdor shaxslarga esa 113 ming soʻmdan 226 ming soʻmgacha boʻlgan miqdorni tashkil etadi.
Avvalroq qonunchilik palatasi deputatlari «elektron dalillar» tushunchasini 2019-yildan beri qonun hujjatlariga kirita olmayotgani haqda xabar bergan edik.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring