“Jinoyatchini jazolash emas, qayta tarbiyalash kerak...”
Bugun xalqning yuksak ishonchi bilan saylangan deputatlar faoliyatida yangicha bir jonlanish, amaliy shijoat koʻzga tashlanmoqda. Xalq noiblari endilikda faqatgina rasmiy yigʻilishlar bilan cheklanmay, joylardagi eng ogʻriqli muammolarni bartaraf etish va odamlarning ogʻirini yengil qilish uchun bevosita aholi orasiga kirib bormoqdalar. Bu borada, ayniqsa, fuqarolar bilan oʻtkazilayotgan yuzma-yuz va ochiq muloqotlar juda muhim ahamiyat kasb etyapti. Andijon shahrida ana shunday uchrashuvlardan biri butunlay noodatiy va oʻziga xos tarzda tashkil etildi. Xalq vakillari bu safar mahallalar yoki ishlab chiqarish korxonalarida emas, balki Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 2-mintaqaviy hudud 3-sonli tergov hibsxonasida boʻldilar.

Ushbu maskanda bugungi kunda qonunbuzarlik sodir etganlikda gumonlanib, tergov jarayonlariga jalb etilgan yuzlab yoshlar saqlanmoqda. Deputatlar bu yerdagi yigit-qizlarning yashash sharoitlari, boʻsh vaqtlarini qanday oʻtkazayotganlari va huquqiy bilim olish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishar ekanlar, qalblardagi mafkuraviy boʻshliqlarni toʻldirish zarurligini yaqqol his etdilar. Zero, bugungi jamiyatimizning asosiy maqsadi yoʻldan adashgan yoshlarni shunchaki jazolash emas, balki ularni sogʻlom hayotga qayta tayyorlab, ijtimoiy muhitda oʻz oʻrinlarini topishlariga koʻmaklashishdan iboratdir.
-Inson aksariyat hollarda qonunlarni yaxshi bilmasligi oqibatida jinoyat koʻchasiga kirib qoladi,-deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulnoraxon Abduvohidova. -Shu sababli, gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi oʻz qilmishini toʻgʻri anglashi va unga xolisona baho bera olishi uchun ham avvalo tizimli ravishda huquqiy yordam koʻrsatish lozim.

Muloqotlar davomida hibsxonada saqlanayotgan yoshlarning ham fikrlari va muammolari tinglandi. Xususan, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan fuqaro Sh. T. muassasada moddiy sharoitlar yetarli ekanini, ammo bu yerda maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlarni koʻproq oʻtkazish zarurligini taʼkidladi. Zero, bunday uchrashuvlar ularning dunyoqarashini kengaytirishga va xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishlariga xizmat qiladi.
-Yoshlarning fikr va takliflarini toʻliq qoʻllab-quvvatlayman,-deydi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nasibaxon Toychiyeva.- Sharoitlarning yaxshiligi bilan cheklanib qolmay, yoshlarning ongu shuurida maʼnaviy kamolot uygʻotish bugungi kun talabidir. Shu bois Xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda muassasa rahbariyati oʻrtasida maxsus kelishuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatga asosan, endilikda yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning bilim olishi va tarbiyasini yaxshilash yoʻlida keng koʻlamli maʼrifiy ishlar yoʻlga qoʻyiladi.
Aytish joiz, bularning barchasi bugungi deputatlarning shunchaki hisobot uchun emas, balki hayotda haqiqiy amaliy natijalarga erishish va inson taqdirini yaxshilash uchun chin dildan mehnat qilayotganining yorqin namunasidir.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring